Kuba 52 siyosiy mahbusni ozod etdi

  • Amerika Ovozi

Yaqinda Kuba hukumati davlat to’ntarishida ayblanib uzoq yillik qamoq jazosini o’tayotgan 52 siyosiy mahbusni ozod etishga qaror qildi. Ularning yetti nafari allaqachon ozodlikka chiqib, Ispaniyaga kelgan.

Amerika kommunist davlatning bu qadamini olqishlamoqda. Vashington-Gavana orasida munosabatlar deyarli yo’q, ammo ikki xalq bir-biri bilan yaqinlashishini kutib yashayotganlar millionlarni tashkil etadi.

Kubadagi ko’p oilalar nazarida mahbuslarning ozod etilishi ularning ibodat va duolari ijobatidir.

Elza Morexonning eri Oskar Elias Bisket ozodlikka chiqayotganlarning biri.

“Bu yangilik odamni ruhan yengillashtiradi, – deydi Elza Morexon. – Ayol sifatida, rafiqa sifatida… Ishda va hayotda. Turmush o’rtog’imsiz juda qiyin…”

Ushbu qaror Kuba tarixidagi eng katta amnistiyalardan.

“Amerika bilan muloqot” tashkiloti vakili Piter Hakim fikricha AQSh bilan aloqalar yaxshilanishiga umid qilishga hali erta:

“Kubada sodir bo’layotgan narsalar haqida bo’rttirib gapirish, ortiqcha bashorat qilish xato. Chunki bu borada ilgari ko’p pand yeganmiz. Bir tomondan Kuba sal ochilayotdandek, boshqa tomondan esa muammolar talay. Bugun ahvol yaxshilansa, ertaga yana repressiya…”

Lekin siyosiy tahlilchi Filip Pitersning aytishicha, ushbu qaror Kubada ahvol ijobiy tomonga o’zgarayotganidan darak beradi.

“Kubada jiddiy o’zgarishlar bo’lyapti, – deydi Filip Piters. – Bu hozircha inson huquqlari muammosini hal etmasa ham, lekin ijobiy siljish ekani aniq”.

Tadbirkorlar AQShning Kubaga nisbatan joriy etgan bir necha o’n yillik savdo va sayohat cheklovlari bekor qilinadi degan umidda.

“Odamlar biror foyda bermayotgan 50 yillik siyosatning o’zgarishini istaydi, bu har doimgidan ham ko’ra bugun muhimroq”, – deydi Piter Hakim.

AQSh Kongressi Vakillar Palatasi fuqarolarning Kubaga safar qilishini taqiqlovchi qonunni qayta ko’rib chiqmoqchi. Savdo Palatasi vakili Patrik Kilbrayd fikricha, buning vaqti kelgan.

“Ushbu taqiqlar Fidel Kastroni nohaqliklar qurbonidek ko’rsatadi, – deydi Patrik Kilbrayd. – Chunki kommunist rejimda endi aybni birovga to’nkash uchun asos bor”.

Lekin Piter Hakimning aytishicha, cheklovlarni qo’llab quvvatlovchilar bu mamlakatdagi inson huquqlari ahvoli shunga arziydi deb hisoblaydi:

“AQSh demokratiyani qimmatli ne’mat ekanini ta’kidlashda davom etadi. Nega endi Kubaga imtiyoz berishimiz kerak”?

Kuba hukumati hech qanday siyosiy mahbuslar yo’q ekanini, qamoqdagilar kommunist hukumatni ag’darish uchun AQSh tayyorlagan yollanma jinoyatchilar ekanini qayd etib keladi. AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton mahbuslarni ozod qilish borasidagi qarorini olqishlab, bu ijobiy o’zgarishlardan darakdir, degan:

“Biz qarorni qo’llab-quvvatlaymiz. Hali mahbuslar ozod qilinmagan bo’lsa ham, nazarimizda bu ijobiy qadam”.

Kubada biznes imkoniyatlarini ko’radigan amerikaliklar ham bu davlatning ochilishini kutmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG