Obama Amerika qit'asi bilan yangicha hamkorlikka chaqirmoqda


Prezident Barak Obama Trinidad va Tobagoda o'tayotgan Amerika qit'asi sammiti ochilishida so'zga chiqar ekan, Kuba bilan aloqalarni yangilashga chaqirgan. Ayrim rasmiylarga ko'ra, uzoq yillardan beri bir-biriga adovatda bo'lgan ikki davlat bevosita muloqotga kirishishi mumkin.

Prezident Obamani beshinchi bor o'tkazilayotgan sammit ishtirokchilari iliq kutib oldilar. Obama qit'a rahbarlariga murojaat etib, eski ginalarni unutishga, farovonlik yo'lida hamkorlikni yangilashga, umumiy muammolarni birgalikda hal qilishga chaqirdi.

"Hamkorlik tushunchasiga yangicha yondashgan holdagina kelajakni birga qurishimiz mumkin," deydi Obama.

Uning aytishicha, ushbu hamkorlikda Kubaga ham joy bor. Bir kun oldin prezident Raul Kastroning Kuba AQSh bilan ochiq muloqotga tayyor degan so'zlariga javoban Obama shunday dedi:

"Qo'shma Shtatlar Kuba bilan aloqalarni yangidan boshlashga intiladi. Bu bir kechada bo'lmaydi albatta, chunki o'nlab yillar davomida vujudga kelgan ishonchsizlikni yengish lozim bo'ladi. Ammo zarur qadamlarni shu bugunoq qo'yish kerak," deydi Obama.

Uning aytishicha, AQSh Kuba hukumati bilan inson huquqlari, demokratik islohotlar, migratsiya, iqtisodiy masalalarni muhokama qilishga tayyor.

Obama shuningdek butun qit'ada iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash, yonilg'iga talab va iqlim o'zgarishi bilan bog'liq muammolarni hal qilish uchun Qo'shma Shtatlar yangi tashabbus bilan chiqadi deydi.

Sammit ishtirokchilari o'z ma'ruzalarida asosiy urg'uni global moliyaviy va iqtisodiy inqirozga berdi.

Nikaragua rahbari Daniel Ortega Qo'shma Shtatlarni Kubadan uzoq yillik iqtisodiy embargoni olib tashlamayotganlikda ayblab, Kuba sammitda ishtirok etish huquqidan mahrum ekanidan afsus bildirdi.

Prezident Obama shu hafta kubalik-amerikaliklarning orolga sayohat qilishi va pul o'tkazishiga qo'yilgan cheklovlarni bekor qildi.

Amerika qit'asi davlatlari tashkiloti prezidenti Xose Migel Insulza a'zo davlatlardan Kubani guruhga qaytarishni so'rashini aytgan. Kuba tashkilotdan 1962 yili chetlatilgan.

Prezident Obama AQShning o'tmishda qit'adagi shubha va ishonchsizlikka sabab bo'lgan siyosatini tan olib, Amerika o'zgarishga tayyor, ammo boshqa davlatlar ham unga munosabatini o'zgartirishi zarur dedi.

"AQSh boshqa davlatlar ichki ishlariga aralashmasligi kerak, ammo qit'adagi barcha muammolar uchun aybni Amerikaga to'nkash to'g'ri emas," deydi Obama.

AQSh prezidenti mamlakatning qit'adagi yana bir raqibi - Venesuelani ham chetlab o'tgani yo'q. Sobiq prezident Jorj Bushni "iblis" deb atagan Venesuela rahbari Ugo Chaves anjumanda Obama qo'lini siqib, "men siz bilan do'st bo'lmoqchiman" degan.

XS
SM
MD
LG