Makkristal hisoboti bo'yicha qaror qabul qilinmagan


AQSh va NATOning Afg'onistondagi kuchlari qo'mondoni general Stenli Makkristal tayyorlagan hisobot mazmuni sir saqlanayotgan bo'lsada, AQShdagi ba'zi yirik gazetalar uning bir qismini qo'lga kiritishga muvaffaq bo'lgan. "Vashington Post"dagi maqolaga ko'ra, Makkristal hisobotida Afg'onistonga qo'shimcha askar yuborish, mahalliy armiya safini kengaytirish va strategiyaga tuzatishlar kiritish so'ralgan.

Iyun oyida Afg'onistonda ish boshlagan general Makkristalning hujjatda ta'kidlashicha, resurslarning yetishmasligi missiya mag'lubiyatiga olib kelishi mumkin.

Kelasi 12 oy ichida AQSh va NATO qo'shimcha askar va mutaxassislar bilan ta'minlamasa, jangarilar yanada kuchayishi mumkin. Afg'on armiyasi ayni damda ularni yengishga qodir emas, deydi general.

Pentagon so'zlovchisi "Vashington Post"dagi maqolaga izoh berishdan bosh tortgan.

"Davlat xavfsizligi bilan shug'ullanuvchi guruh hisobotni o'rganmoqda. Uning asosida qarorlar chiqariladi," deydi Brayan Uitman.

Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, general Makkristal hisoboti umumiy strategiyaning bir qismi xolos.

"Qo'shimcha askarlarni yuborishga doir qaror qabul qilinishidan oldin vaziyat obdon o'rganiladi."

General Makkristal hisobotda NATO kuchlarini tanqid qilib, ularni jangarilarga qarshi kurashga tayyor emas degan. NATOga a'zo mamlakatlarning o'z qo'shinlarini jangovar zonalarga yuborishdan bosh tortishi bunga asosiy sabab qilib ko'rsatilmoqda. Koalitsiya ish uslubini tubdan o'zgartirishi zarur, deyiladi hujjatda.

Afg'onistonning BMTdagi elchisi Zohir Tanin hisobotni olqishlagan.

"Harbiy muvaffaqiyatsiz siyosiy jabhalarda yutuqlarga erishib bo'lmaydi. Tolibon yurishlarini to'xtatish uchun resurslar yetarli bo'lishi kerak," deydi elchi.

XS
SM
MD
LG