Prezident Karzay afg'on armiyasi uchun pul so'ramoqda


Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay xalqaro hamjamiyatdan moliyaviy yordam so'ramoqda. Xavfsizlikni ta'minlash uchun armiya va politsiya safini kengaytirish lozim, ammo ularning ta'minoti uchun ko'p pul kerak, deydi u.

Bugun Kobulga AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts borgan. AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Kobulda Karzay bilan muloqot qilar ekan, oz sonli kuchlar bilan mamlakat xavfsizligini ta'minlab bo'lmaydi, afg'on kuchlariga qo'shimcha maosh to'lab, jangovar zonalarda kuch va irodasini toblash kerak deydi.

"Aks holda ishning og'iri Amerika harbiylari gardaniga tushmoqda", - deydi Robert Geyts.

Qo'shma Shtatlar Afg'oniston hukumatidan imkon qadar tezroq xavfsizlik kuchlari sonini ko'paytirib, malakasini oshirishni so'ramoqda. Biroq rasmiy Kobul bunga resurs yo'q demoqda.

"Ko'p sonli harbiylarni o'z kuchimiz bilan ushlab tura olmaymiz. Kelasi 15-20 yilga chetdan yordam kerak", - deydi Afg'oniston prezidenti.

Qo'shma Shtatlar mamlakatda qo'shinlar sonini 30 mingga oshirar ekan, NATO davlatlari ham 7 ming askar yuborishga va'da bergan.

Robert Geytsning aytishicha, NATO bir tomondan Afg'onistonda vaziyat og'irlashganini anglab yetgan, boshqa tomondan esa Vashington siyosati o'zgarayotganini ko'rmoqda.

AQSh mudofaa vaziri bugun qo'shni Pokistonda ham bo'lgan.

Robert Geyts Pokiston armiyasi chegara hududlarda jangarilarga qarshi harakatlarini kuchaytirganidan mamnun ekanini bildirib, Qo'shma Shtatlar Pokistonga bu borada qo'shimcha yordam berishga tayyor degan.

XS
SM
MD
LG