Gaitida yana kuchli zilzila, aholi azobda yordam kutmoqda


Gaitida bugun kuchi 6.1 balga teng takror zilzila ro’y bergan.

Markazi poytaxt Port-o-Prinsdan 60 kilometr narida ekani ma’lum. Talofatlar haqida hozircha xabar yo’q.

AQSh va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Gaitiga minglab qo’shin kiritar ekan, aholiga oziq-ovqat va tibbiy ko’mak yetkazish hamon qiyin kechmoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashi qarori bilan Gaitidagi tinchlikpar kuchlar safiga yana minglab harbiy va politsiyachilar qo’shilmoqda. Ular tartibni saqlash va mamlakatga kirib kelayotgan minglab tonna yordamni aholiga tarqatishda ko’maklashadi. AQSh kasalxona va aeroport vazifasini o’taydigan kemalarni safarbar etmoqda.

“Bir hafta oldingi zilziladan Gaiti infratuzilmasi, yo’llar va transport tizimi yer bilan yakson bo’lgani sabab mamlakat ichida harakatlanishning iloji yo’q. Yordamni bir nuqtadan ikkinchisiga yetkazishda jiddiy to’siqlar mavjud”, - deydi harbiylar.

Poytaxt portini vayronalardan tozalab, qatnovni tiklash hozir asosiy vazifa. Sharoit o’ta og’ir bo’lishiga qaramay, poytaxt Port-o-Prinsda vaziyat nisbatan tinch. Ayrim hududlarda zo’ravonlik, talonchilik hollari kuzatiladi.

“Hozirgacha 200 ming aholini yegulik bilan ta’minlashga muvaffaq bo’ldik”, - deydi BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun. “Hafta oxirigacha bu raqam bir millionga yetadi”.

Tashkilot hisoblariga ko’ra, zilzila natijasida Gaitidagi qariyb 10 million aholining uchdan biri boshpanasiz. O’lganlar 200 mingdan oshiq. 75 ming kishi poytaxt atrofidagi ommaviy qabrlarga dafn etilgan. Tushkunlik va umidsizlikdan ayrimlar mamlakatni tark etishga urinmoqda.

XS
SM
MD
LG