AQSh Isroil va Falastinni muzokaraga chorlamoqda


Isroil armiyasi falastinliklarning kelasi 48 soat ichida Isroilga kirishining oldini olish uchun Iordan daryosining g'arbiy sohilidagi chegarani yopgan. Yahudiy hukumati 50 yoshgacha bo'lgan erkaklarning bugun Quddusda joylashgan al-Aqsa masjidiga kiritilmasligini ham aytgan edi.

Isroil G'arbiy Sohildagi ham musulmonlar, ham yahudiylar uchun muqaddas hisoblangan ikki ziyoratgohni qayta qurish va himoyaga muhtoj deb, ularni yaqinda joriy etilgan milliy meroslar ro'yxatiga qo'shish haqidagi qarori falastinliklar g'azabiga uchragan edi. Chegarani yopib va al-Aqsaga kirishni cheklab, rasmiy Tel-Aviv zo'ravonliklarning oldini olmoqchimiz, demoqda.

Ustiga ustak, Isroil Sharqiy Quddusda 1600 ta yangi uy qurish rejasini ham e'lon qilgan. Ma'lumki, falastinliklar Sharqiy Quddusni bo'lajak davlatining poytaxti sifatida ko'radi. Kelasi hafta mintaqaga AQShning Yaqin Sharq bo'yicha maxsus vakili Jorj Mitchell safar qilib, har ikki tomonni muzokara boshlashga undab ko'radi.

Isroilning qo'shimcha uy qurish rejasi muzokaralarga vositachilik qilishga harakat qilayotgan AQSh noroziligiga uchragan. Yaqin Sharq bo'ylab safar qilayotgan Qo'shma Shtatlar vitse-prezidenti Jo Bayden Isroil qarorini qoralagan.

Matbuotdagi ba'zi xabarlarga ko'ra, falastinliklar Jorj Mitchell vositachiligidagi bilvosita muloqot qilish qaroridan qaytishi mumkin.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Pi Jey Krouli arablardan hozircha rad javobi olinmaganini aytadi.

Uning aytishicha, mintaqadagi vaziyat tobora keskinlashib borayotgani uchun ham muzokaralarni o'tkazish zarur, toki muloqot orqali muammolarga barham berilsin.

"Bu har ikki tomon manfaatiga javob beradi. O'nqir-cho'nqirsiz yo'l bo'lmaydi", - deydi AQSh rasmiysi.

Davlat kotibi Xillari Klinton kelasi hafta Moskvaga borib, Yaqin Sharq To'rtligi deb nomlanuvchi norasmiy guruh majlisida ishtirok etadi. Guruhga AQSh, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va BMT kiradi.

XS
SM
MD
LG