Qo'shma Shtatlar Isroil rejasidan norozi


Barak Obama ma'muryiati Isroil hukumatining Sharqiy Quddusda qo'shimcha uylar qurish rejasini Yaqin Sharq tinchlik jarayoniga tahdid deb, keskin tanqid qilmoqda. Yahudiy davlati AQSh vitse-prezidenti Jo Baydenning Isroilga tashrifi chog'ida Sharqiy Quddusda 1600 uy qurilishi haqida ma'lum qilgan edi. Oq uy buni o'ziga nisbatan haqorat deb bilmoqda.

Prezident Obamaning katta maslahatchisi Deyvid Akselrod nazarida, Isroil rejasi Yaqin Sharq tinchligi yo'lidagi harakatlarni yo'qqa chiqarmoqda.

Sharqiy Quddus Isroilning 1967 yilda arab davlatlari bilan urushi natijasida tortib olingan. Falastinliklar uni bo'lajak davlatining poytaxti sifatida ko'radi.

"Falastin va Isroil o'rtasida vositachilikni endigina boshlagan edik, ammo Isroil rejasi bemahal e'lon qilindi. Barchasi chippakka chiqdi", - deydi Oq uy rasmiysi.

Isroil qarori AQSh vitse-prezidenti tashrifiga to'g'ri kelganini tasodif deb, rasmiy Vashingtondan uzr so'ragan, biroq Benyamin Netanyaxu hukumati yahudiy posyolkalarini kengaytirish siyosatidan afsusda emasligini ta'kidlaydi.

Qo'shma Shtatlar Isroildan qurilishlarni to'xtatishni talab qiladimi, degan savolga Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbs umumiy javob bergan.

"Davlat kotibi Xillari Klinton Bosh vazir Netanyaxu bilan uchrashganida ba'zi narsalarni aniq qilib tayinlagan edi. Ularning nima ekaniga to'xtalmayman, chunki uchrashuv yopiq eshiklar ortida bo'lgan. Ammo Isroil undan nima kutishayotganini yaxshi biladi", - deydi Gibbs.

Falastin AQSh vositachiligida Isroil bilan bilvosita muzokaralarga kirishga ko'ngan edi, ammo qurilishlar rejasi ayon bo'lgach, muloqot bo'lmasligini aytmoqda. AQShning Yaqin Sharqdagi maxsus vakili Jorj Mitchell mintaqada bo'lib, tomonlarni muzokara boshlashga undab ko'radi.

XS
SM
MD
LG