Strategik qurollarni kamaytirish bitimi - dunyo xavfsizligi kafolati


Qo'shma Shtatlar va Rossiya, dunyoda eng ko'p yadro quroliga ega ikki davlat, arsenalini kamaytirishga kelishib olgan. Prezidentlar Barak Obama va Dmitriy Medvedev strategik qurollar nazoratiga doir yangi bitimni 8 aprel kuni Pragada imzolashi kutilmoqda.

Inglizchada START, ruschada SNV deb nomlanuvchi bitimning ilk ko'rinishi 1991 yili prezident Jorj Bush va Sovet rahbari Mixail Gorbachev tomonidan imzolangan edi. Shartnoma 1994 yil kuchga kirib, o'tgan yil dekabr oyida amal qilish muddati tugadi. Qurollar nazorati uyushmasi deb nomlanuvchi xususiy tadqiqot guruhi ijrochi direktori Deril Kimbolning aytishicha, START-1 bitimi Sovuq urushni tugatishga yordam bergan.

"AQSh va Rossiya bir-biriga qarshi qaratilgan yadro qurollari sonini 2001 yilga borib 10 mingdan 6 ming donaga tushirishga muvaffaq bo'ldi. Raketa va bombardimonchi samolyotlar kabi yadro qurollarini harakatga keltiruvchi moslamalar sonini 1600 donaga kamaytirdi. Bitim har ikki davlat mutaxassislariga jarayonni nazorat etish vakolatlarini bergan edi", - deydi Kimbol.

Uning aytishicha, o'tgan yil aprelidan beri tomonlar yadro arsenalini yanada kamaytirish va START-1 ni yangilash borasida muzokara qilgan.

"Yangi hujjatga muvofiq, strategik yadro qurollarini harakatga keltiruvchi moslamalar 800 taga tushiriladi. Hujumga shay turgan yadro qurollari esa 1550 donadan oshmasligi kerak. Ayni damda AQShda 2100, Rossiyada esa 2200 qurol shay turibdi", - deydi amerikalik mutaxassis.

Yana bir tahlilchi, Qurollar nazorati va tarqalishiga qarshi markaz rahbari Jon Ayziksning bildirishicha, yangi bitimda uning ijrosi bo'yicha nazorat kuchaytirilgan.

"Sovuq urush tugaganiga 20 yil bo'ldi. Davlatlar o'rtasida munosabatlar o'zgardi. Har ikki tomonda ishonch kam bo'lishi tabiiy. Shu sabab jarayon nazoratiga ehtiyoj katta. Davlatlar bir-birining bu boradagi faoliyati, yadro qurollari ombori ahvoli haqida xabardor bo'lib turadi. Hozir nazoratning bir qismi sun'iy yo'ldosh orqali amalga oshiriladi. Tomonlar bir-biriga hisobot berib turishi, lozim bo'lsa, inspektorlarni yadro inshootlariga kiritishi kerak bo'ladi", - deydi Ayziks.

Yangi bitim bo'yicha muzokaralar kutilganidan ko'p vaqt oldi. Tahlilchining aytishicha, bunga sabab AQShning Yevropada rejalagan mudofaa tizimi va Rossiyaning unga qarshiligi edi. Biroq hozirda muammo hal etildi.

"Bitimda faqat hujumkor qurollarni qisqartirish nazarda tutilgan. Mudofaa tizimi esa bundan mustasno. Ularni o'rnatish cheklanmaydi", - deydi Ayziks.

Bitimning yangi ko'rinishi 8 aprel kuni Chexiya poytaxti Pragada prezidentlar Obama va Medvedev tomonidan imzolanadi. So'ng Rossiya Dumasi va AQSh Senati uni tasdiqlashi lozim. 100 senatordan 67 nafari "ha" deb javob bersa kifoya.

Jon Ayziks hujjatning Senatda ma'qullanishiga umid bildirmoqda.

"Hozir Senat o'ta qutblashgan. Sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish qonuni bo'yicha ashaddiy munozaralarni boshdan kechirdi. Ba'zi qonunchilar nazarida demokrat va respublikachi senatorlar endi yil oxirigacha qonun loyihalari bo'yicha hamkorlik qilmasligi mumkin. Bunga ishonish qiyin", - deydi Ayziks, "ammo bu bitim qabul qilinishi uchun hech bo'lmaganda 8 nafar respublikachi senatorni unga ovoz berishga ko'ndirish lozim. Aks holda, bitim yil oxirigacha tasdiqlanmaydi".

Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, davlat xavfsizligi masalalariga kelganda har ikki partiya vakillari odatda bir yoqadan bosh chiqarib ish qilgan. Klinton xonim bu safar ham shunday bo'ladi deb umid qilmoqda.

XS
SM
MD
LG