Breaking News

Qirg'iziston biznes ahli hukumatdan himoya so'ramoqda (video)


O'tgan hafta Qirg'izistondagi g'alayon tartibsizliklarga aylanib, poytaxt Bishkek ostin-ustun qilingan, do'kon va firmalar o'marilgan edi. Ba'zi xabarlarga ko'ra, qurollangan galalar xorijiy konchilik firmalariga ham hujum qilgan. Muvaqqat hukumat chet el sarmoyadorlari xavotiriga barham berish uchun tartib va qonunlarni tiklashga kirishmoqda.

Qirg'izistonda konchilik bilan shug'ullanuvchi xalqaro kompaniyalar ba'zi joylarda mulklarning bir tomonlama tortib olinayotganidan shikoyat qilib, 300 nafar mahalliy mayda va o'rta ishbilarmonga qo'shilib muvaqqat moliya vaziri Temir Sariyevga maktub yo'llagan. Biznesmenlar hukumatdan himoya so'ramoqda.

"Firmalarni o'marish va ulardan boylik undirish, mulkni noqonuniy ravishda xususiylashtirish niyatida idoralar atrofida ivirsib yurganlarga gapimiz shu - har qanday harakatingizga barham beriladi", - deydi Sariyev.

Bishkek va boshqa shaharlardagi g'alayon paytida mayda do'konlar, supermarket va savdo markazlarini talon-taroj qilish keng tus oldi. Ko'rilgan zarar hali ham baholanmoqda.
Bishkekdagi ishbilarmonlar klubi rahbari Uluk Qidirboyevning aytishicha, bunday hollardan ko'rilgan eng katta zarar mamlakat barqarorligiga ishonchning yo'qolgani bo'ldi. Ayrim tadbirkorlar yangi hukumat ham Bakiyev rejimi kabi mulkni tortib olishidan tashvishda.

"Sobiq prezident oilasiga aloqadorlikda gumon qilinayotgan firmalar ro'yxati e'lon qilindi. Ammo ba'zilarining Bakiyevlarga umuman aloqasi yo'q. Endi ular davlat tasarrufiga o'tkazilishi yoki olib qo'yilishi mumkin", - deydi Qidirboyev.

Biznes va fuqarolik jamiyati faollari yana bir g'alayonning oldini olish yo'llarini muhokama qilmoqda. Tadbirkor Emil Umetaliyev muvaqqat hukumat oldida turgan bu boradagi muammolarni keltiradi.

"Muvaqqat hukumatning qonuniyligi uning xalq bilan ishonch rishtalarini o'rnatishi hamda xalqaro hamjamiyatning Qirg'iziston va yangi hukumatga ishonchini tiklay olishiga bog'liq", - deydi Umetaliyev.

Poytaxt g'alayon va tartibsizliklardan keyin sekin-asta tozalanmoqda. Hukumat binolari, bosh prokuratura ta'mirlanmoqda. Biznes ahli davlatdan tiniq siyosat kutyapti, deydi tadbirkor Qidirboyev.

"Hukumatning har bir qadami aniq va tushunarli bo'lishi lozim. Nima qilishmoqchi, qanday maqsadda, qarorlari nimaga asoslangan - bularning barchasini bilishimiz kerak. Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, matbuotni erkinlashtirish, senzuradan xoli qilish zarur", - deydi Qidirboyev.

XS
SM
MD
LG