Karzay: Xususiy xavfsizlik kompaniyalari yil oxirigacha Afg’onistonni tark etsin


Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay mamlakatda faoliyat yuritayotgan xususiy xavfsizlik firmalarini - xoh mahalliy, xoh xorijiy bo’lsin - yopishga ko’rsatma bergan. Qaror shu yil oxirigacha bajarilishi shart.

Afg’onistonda xavfsizlik kompaniyalari xizmatidan nafaqat AQSh armiyasi, balki xalqaro tashkilotlar va elchixonalar ham foydalanadi. Shikoyat shuki, ular ustidan nazorat sust, ko’pincha qonundan tashqarida harakat qiladi.

Ammo urush maydonida qurolli kontraktorlar o’rnini bosa oladigan kuch bormi?

Afg’onistonda xususiy xavfsizlik kompaniyalari 50 dan oshiq bo’lib, ular diplomatlar va zobitlarni qo’riqlaydi, harbiy yuklarni manzilga yetkazib beradi.

Prezident Karzayning qarori kuchga kirsa, xorijiy qo’riqchilar yil oxirigacha vataniga jo’nashga majbur.

Endi Berpark Britaniyaning xususiy xavfsizlik kompaniyalari uyushmasi vakili. Prezident farmoni natijasida, deydi u, afg’on politsiyasi va armiyasi malakasini oshirish endi xalqaro koalitsiya zimmasiga o’tishi mumkin.

“Bu koalitsiyani jangarilarga qarshi kurash uchun zarur resurslardan ayiradi. Qisqasi, NATOga yana bir vazifa yuklatilmoqda”, - deydi mutaxassis.

Karzayning ta’kidlashicha, Afg’onistonda ishlayotgan kontraktorlar hech kimga bo’ysunmay qo’ygan. Ammo Jeyms Karafano singari ekspertlar fikricha, ularsiz bu mamlakatda biror ishni bajarib bo’lmaydi. NATOga xususiy firmalar xizmati havodek zarur.

“20 mingga yaqin kontraktor nafaqat harbiylarga yordamchi, ular Afg’onistonda diplomat va rasmiylarni, nohukumat tashkilotlar vakillarini, bazalarni qo’riqlaydi. Arboblar, strategik obyektlar muhofazasiz qolib ketmaydi albatta. Biroq bu vazifani NATOga yuklash noto’g’ri”, - deydi ekspert.

Qo’shma Shtatlar Iroq va Afg’onistondagi urushlarda xususiy xavfsizlik firmalaridan keng foydalanadi.

Biroq yaqinda Kongress o’tkazgan tekshiruvdan shu ayon bo’ldiki, Mudofaa vazirligi Pentagon harbiy yuk tashishda mahalliy kompaniyalarga tayanib, Tolibonga madad berayotgan bo’lishi mumkin.

Harbiy kolonnalarni jangarilar tez-tez nishonga oladi. Pentagon bilan ishlaydigan firmalar esa Tolibonga pul to’lab, ulardan xavfsizlik kafolati oladi, deyiladi hisobotda.

Tekshiruvdan yana bir xulosa shuki, turli jinoyatlarda ayblangan ayrim xususiy kompaniyalar boshqa nom bilan Afg’onistonga qaytishga urinmoqda.

Blackwater Worldwide bir misol. Uning qo’riqchilari 2007 yilda Iroqda 14 qurolsiz kishini otib o’ldirganlikda ayblanib, mamlakatdan chiqarib yuborilgan. Lekin ishini halol bajarayotgan firmalar ham juda ko’p, deydi Jeyms Karafano.

“Ishonavering, Abu-G’arib qamog’ida bo’lgan qiynoqlar takrorlanishi, begunoh odamlar o’limi hech kimga kerak emas. Bunday hodisalar xususiy firmalar nomiga dog’ tushiradi xolos. Xavfsizlik ular uchun biznes, ularning ishi shu”, - deya tushuntiradi harbiy tahlilchi.

Mustaqil hisoblarga qaraganda, ayni paytda Afg’onistonda AQSh hukumati bilan ishlayotgan kontraktorlar soni qariyb 24 ming. Iroqda esa 18 ming. Ham afg’on rahbari, ham oddiy fuqarolar ular mamlakatdan ketsin demoqda.

XS
SM
MD
LG