Hikmatyorning partiyasi afg'on saylovlarida faol qatnashmoqchi

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston sobiq bosh vaziri, "Hizbi Islomi" jangari partiyasi yetakchisi Gulbiddin Hikmatyor

Afg'oniston sobiq bosh vaziri, "Hizbi Islomi" jangari partiyasi yetakchisi Gulbiddin Hikmatyor

Afg’onistonda NATO kuchlariga qarshi Tolibon bilan yonma-yon jang qilib kelayotgan jangari guruhlardan biri 5-aprelga belgilangan prezident saylovlarida faol bo’lishi haqida ma’lum qildi.

“Hizbi Islomi” partiyasi son jihatdan Tolibondan keyin turadi. Unga sobiq bosh vazir 66 yoshli Gulbiddin Hikmatyor boshchilik qiladi.

Guruh xorijiy qo’shinlar mamlakatni hali tark etmadi, deya shu kungacha saylovda ishtirok etmasligini bildirib kelayotgan edi.

“Hizbi Islomi” hozir Tolibonning ittifoqchisi bo’lsa-da, toliblar hukmronligi davrida unga qarshi kurashgan.

Guruh vakili G’ayrat Bahirning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, rahbariyat mamlakat bo’ylab a’zolariga saylov kampaniyasida faol bo’lishga, mustaqil nomzod Qutbuddin Hilolni qo’llab-quvvatlashga ko’rsatma bergan.

Hilol o’tmishda “Hizbi Islomi” partiyasining siyosiy komissiyasini boshqargan. Bahirning aytishicha, guruh a’zolariga viloyat kengashlariga saylovlarda “Hizbi Islomi”ga aloqador yoki unga ijobiy qaraydigan nomzodlarni qo’llab-quvvatlash ham tayinlangan.

Prezident va viloyat kengashlariga saylovlar bir kunda o’tkaziladi. Prezidentlikka 11 arbob da’vogar. Amaldagi prezident Hamid Karzay qonun bo’yicha uchinchi muddatga saylana olmaydi.

Tolibon jarayonda qatnashmasligini bildirgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG