Karzay AQSh bilan xavfsizlik bitimi imzolamasligi mumkin

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay tan soqchilari bilan, 15-oktabr, 2013-yil.

Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay tan soqchilari bilan, 15-oktabr, 2013-yil.

AQSh razvedka idorasi rasmiylarining aytishicha, Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay AQSh bilan tuzilgan xavfsizlik bitimini imzolash niyatida emas. Masalaning AQSh askarlari mamlakatni tark etgunga qadar hal bo’lishi kutilayotgan edi.

Vashington bir necha oydan beri Afg’oniston rahbarini Obama ma’muriyati bilan tuzilgan bitimni imzolashga undab kelmoqda. Ammo Karzay bundan bosh tortmoqda.

AQSh milliy razvedkasi direktori Jeyms Klepperning Kongressga aytishicha, prezident Karzay davrida uning imzolanish ehtimoli juda kam.

“Ikki odam imzo chekishi kerak. Mening fikrimcha, prezident Karzay qo’l qo’yish niyatida emas”, - deydi u.

Kobul bilan erishilgan kelishuv asosida Afg’onistonda 10 ming AQSh askarining qolishi rejalanmoqda. Karzay xalqaro kuchlarning mamlakatda qo’llayotgan kurash taktikasidan norozi ekanini aytib keladi. Unga ko’ra, amerikaliklar oddiy afg’onlar uylarida ham reydlar o’tkazmoqda.

Agar bitim imzolanmasa, Obama ma’muriyati Kobulga harbiy dastakni butunlay to’xtatishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Senatning Qurolli xizmatlar qo’mitasi raisi demokrat Karl Levinning aytishicha, AQSh aholisi orasida Afg’onistonda harbiy harakatlarning davom etishini qo’llab-quvvatlovchilar kam bo’lib, Karzay tutayotgan yo’l bu boradagi vaziyatni yanada yomonlashtirmoqda.

“Prezident Karzay o’zi rozi bo’lgan kelishuvni haligacha imzolagani yo’q. Aksincha, AQShning Afg’onistondagi harakatlariga jamoatchilik qo’llab-quvvatlovini kamaytiradigan turli salbiy gaplarni aytib yuribdi”, - deydi u.

Respublikachi senator Lindsi Grexem ham shunday fikrda.

“Nazarimda, prezident Karzay bir o’zi munosabatlarni izdan chiqarmoqda. Afg’oniston xalqi shuni bilishini xohlardimki, men siyosiy, iqtisodiy va harbiy jabhalarda Afg’onistonga yordam davom etishini istayman”, - deydi u.

Bu orada Mudofaa vazirligi Kobulning hibsdagi ko’plab jangarilarni ozodlikka chiqarish qarorini xavotir bilan qarshi oldi. Pentagon so’zlovchisi Stiv Uorren bu jangarilarni AQSh kuchlari uchun tahdid deb atadi.

“Jang holati mavjud ekan, biz ularni qo’lga olishga yoki o’ldirishga harakat qilamiz”, - deydi u.

Uorrenning ogohlantirishicha, bitim imzolanishining kechikishi Tolibonning g’ayratini oshirib, AQSh kuchlari faoliyatini yanada qiyinlashtirishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG