Afg'onistonda matbuot erkinligi tahdid ostida

  • Amerika Ovozi

Afg’onistonda jurnalistlar erkinligi borgan sari torayib bormoqda. Ayniqsa, sohani tartibga solish maqsadida ishlab chiqilayotgan yangi qonun bu borada vaziyatni yanada og’irlashtirishi mumkin.

Afg’onistonning endi ko’z ochayotgan matbuoti yana xavf ostida.

Sohani kuzatib boruvchi davlat qo’mitasini tashkil etish haqidagi yangi qonun loyihasi senzuraga yo’l ochadi, deydi kuzatuvchilar.

Soliha Saodat afg’on mediyamagnat Sa’d Muhsiniyga qarashli “Tolo News” axborot agentligida ishlaydi. Hatto hozir ham qudratli siyosatchilarning tazyiqi ostida mehnat qilamiz, deydi u.

“Sobiq deputatning ukasi bir qizni zo’rlab, o’ldirib qo’ydi. Men qizning akasi va advokati bilan gaplashdim, lekin ayblanuvchi intervyu berishdan bosh tortdi. Shundan so’ng hozirgi qo’mita meni so’roqqa chaqirdi”, - deydi jurnalist.

Afg’onistonda o’nlab gazeta, telekanal va radiolar faoliyat yuritadi. Ayrimlari mustaqil, ba’zilari esa siyosiy va harbiy doiralar ta’sirida.

Hukumat nazorati tarafdorlarining aytishicha, matbuot jamiyat beqarorlashishiga hissa qo’shmoqda. Erkin jurnalistika himoyachilari bu iddaoni inkor etadi.

Huquq faoli Abdul Mujib Xalvatgar qonunchilar bilan uchrashyapti. U 12 yoshli afg’on jurnalistikasining nuqsonlari borligini tan oladi. Ammo bu hukumat nazoratini oshirish kerakligini anglatmaydi, deydi u.

“Ular Eron yoki Xitoy qo’llagan choralarga ergashyapti yoki taqlid qilyapti. Biz buni qabul qilolmaymiz”, - deydi Halvatgar.

Yil boshida noqonuniy yer o’zlashtirilishini fosh qilgan “Hashti subh” kundalik gazetasi idorasiga qurollangan shaxslar bostirib kirdi.
Nashr muharriri Parvez Kava vaziyatning juda nozik ekanini aytadi.

“Hozir biz, shak-shubhasiz, kurash holatidamiz. Safning boshida mustaqil matbuot turibdi. Biz shu yurtda demokratiya uchun, fuqarolik jamiyati, inson huquqlari va xalqaro miqyosda tan olingan boshqa qadriyatlar uchun kurashamiz”, - deydi jurnalist.

2014-yil xalqaro kuchlar mamlakatni tark etgach, Afg’onistonda so’z erkinligi yanada bog’ilishi ehtimoli yuqori. Jurnalistlar bundan xavotirda.

“Ayollar ham, erkaklar ham jiddiy bosim ostida. Bizdagi raqamlar shuni ko’rsatyaptiki, gazeta, radio va telekanallarning ayol xodimlari ishlaridan voz kechib, yashash uchun boshqa ish qidirishga majbur bo’lyapti”, - deydi Parvez Kava.

Jurnalistlar hamda mustaqil matbuot himoyachilari bir joyga jam bo’lib, yangi qonunning oldini to’sish yo’llari haqida fikr almashmoqda. Kerak bo’lsa, ular ko’chalarga chiqib namoyish o’tkazishga ham tayyor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG