Afg'onistonda saylovoldi kampaniyasi boshlandi

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston saylov komissiyasi

Afg'oniston saylov komissiyasi

Afg’oniston saylov komissiyasi 5-aprelga belgilangan prezident saylovlarida qatnashish niyatida bo’lganlarning ariza topshirishi mumkinligini ma’lum qildi. Hokimiyat mamlakat tarixida birinchi marta tinch yo’l bilan almashishi mumkin.

Mustaqil saylov komissiyasi dushanba kuni prezident poygasini rasman ochiq deb e’lon qildi va nomzodlarga 6-oktabrgacha hujjatlarni komissiyaga topshirishni buyurdi.

Siyosiy partiya va guruhlar yangi koalitsiya va ittifoqlar tuzishga shoshilmoqda. Da’vogarlar talaygina, yagona nomzod xususida umumiy fikr yo’q.

So’nggi kunlarda matbuot e’tiborni tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul, muxolifat vakili, prezidentlikka ilgari ham da’vo qilgan Abdulla Abdulla, sobiq moliya vaziri Ashraf G’ani hamda parlament deputati Abdul Rab Rasul Sayyafga qaratdi. Lekin ularning hech biri prezidentlikka da’vo qilish niyatini ochiqchasiga bildirmagan.

Saylovda g’olib chiqqan arbob prezident Hamid Karzay o’rnini egallaydi va mamlakatda xavfsizlikni ta’minlash vazifasining batamom afg’on qo’shinlari zimmasiga yuklatilishi jarayonining so’nggi bosqichini boshqaradi.

NATO qo’shinlari mamlakatni 2014-yil oxirigacha tark etishi rejalangan.
Xalqaro kuchlar chiqqach Tolibon faollashadi, degan xavotirlar mavjud. Shunga qaramay, prezidentning ukasi Mahmud Karzay “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida saylovlar o’z vaqtida o’tkazilishini aytib, jarayon Afg’onistonda tinchlik va barqarorlik o’rnatilishi yo’lidagi muhim qadam bo’ladi, degan.

“Nomzodlar saylovlar tarixida birinchi marta o’z platformasini ishlab chiqib, prezidentlikka saylansa, qanday siyosat olib borishini xalqqa tushuntirmoqda. Bu mamlakat uchun ijobiy o’zgarish. Da’vogarlar partiyalar saflarini mustahkamlashga kirishgan. Fikrimcha, Afg’oniston to’g’ri yo’ldan ketyapti. Har bir fuqaro hokimiyatning tinch yo’l bilan o’zgarishidan manfaatdor”, - dedi Mahmud Karzay.

Partiyalarga asoslangan siyosat va saylovlar paytida tuzilgan uyushmalar mamlakat uchun yangi o’zgarish, chunki bu yerda saylov natijalarini azaldan qabilalar va oqsoqollar belgilagan.

Demokratik amaliyot kuchayar ekan, dala qo’mondonlari salohiyati kamayadi, deydi ba’zi kuzatuvchilar. Shuningdek, yirik ittifoqqa a’zo bo’lmagan siyosiy arbobning saylovda g’alaba qozonishi qiyinlashadi.

“Jamoa samarali ishlashi va mamlakatni boshqarishi mumkin. Ammo bu vazifani Afg’onistondek mamlakatda alohida shaxs bajarishi amri mahol. Alohida bir arbobga umidlarimizni bog’lash noto’g’ri bo’ladi, davlat boshqaruvi yaxshi bir jamoaning ishi,” - deya fikr bildiradi Afg’oniston Milliy majlisi spikerining birinchi muovini Mirvois Yosiniy.

Saylovlarga oid yangi talablarga ko’ra, nomzodlar soni o’tgan saylovlarga qaraganda ancha kam bo’ladi, deydi kuzativchilar. Prezidentlikka da’vo qilaman degan odam 18.000 dollar atrofida pulni bank hisobiga qo’yishi hamda kamida 20 ta viloyatdan 100 mingta imzo yig’ishi zarur.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG