Breaking News

Qatarda Jahon kubogiga tayyorgarlik va majburiy mehnat


Xalifa xalqaro stadionida qurilish ishlari avjida. 2016-yil mart
Xalifa xalqaro stadionida qurilish ishlari avjida. 2016-yil mart

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Xalqaro Amnistiya” tashkilotiga ko’ra, 2022-yilda Qatarda bo’lib o’tadigan futbol bo’yicha Jahon chempionatiga tayyorgarlik ishlarida majburiy mehnatdan foydalanilmoqda.

“Xalqaro Amnistiya” tashkilotining hisoboti Xalifa stadionining qurilishida ishlayotgan 130 migrant bilan suhbatga asoslangan. Bu ishchilar Bangladesh, Hindiston va Nepaldan kelgan.

Muhojirlar yomon sharoitda yashayotgani va ishlayotganini ta’kidlaydi. Bu esa xalqaro huquq tamoyillariga ko’ra majburiy mehnat hisoblanadi.

“Maosh oyiga 200 dollar. Yashashga yetmaydi. Ishga kirish uchun to’lagan pulimni qarzga olgan edim, hali uzganim yo’q. Uyga, oilamga ham pul yuborib turishim kerak”, - deydi ulardan biri.

Aksariyat muhojirlar bu ishni topish uchun vatanida dallolga 4300 dollardan to’laganini aytadi. Deyarli hammasi berilayotgan oylik va’da qilingan miqdordan kam, deydi. Ayrimlariga esa umuman ish haqi to’lanmagan hali.

Shikoyat qilgan ishchilarga xo’jayinlar “deportatsiya qilinasan” yoki “pulingni ololmaysan” deb do’q-po’pisa qilgan.

“Ishimni yo’qotsam, mamlakatdan quvilaman. Lekin katta qarzim bor. To’lashim kerak”, - deydi yana bir ishchi.

“Xalqaro Amnistiya” tashkilotiga ko’ra, so’nggi bir yilda ish sharoitlari yaxshilangan. Lekin asosiy muammo Qatarning “kafala” degan ishlash amaliyotida.

“Bu amaliyotga ko’ra, ish beruvchi ishchini to’la nazorat qiladi. Masalan, ishchi ishdan bo’shayman yoki vatanimga qaytaman, desa, xo’jayini ruxsat bermaslikka haqli”, - deydi tashkilot xodimi Jeyms Linch.

Qatar rahbariyati ish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan choralar ko’rilayotganini aytadi. Biroq bu choralar yetarli emas, deydi “Xalqaro Amnistiya” xodimlari. FIFA ham fikr bildirishi kerak, deydi ular.

“Hech qanday konkret qadamlar qo’yilmadi. Qatarda islohotlarga, qurilayotgan stadionlarda ishchilar sharoitlarini tergov qilishga chaqiruvchi da’vatlarni eshitmadik”, - deydi Linch.

FIFA inson huquqlari masalasiga jiddiy yondashishini, Qatar rahbariyati bilan bu boradagi vaziyatni yaxshilash ustida hamkorlik qilayotganini aytmoqda.

Hozirda Jahon kubogi bilan bog’liq qurilish loyihalarida 5000 muhojir ishlamoqda. Kelasi ikki yilda ularning soni 36 ming odamga yetishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG