Breaking News

AQShda Baydenning Yaqin Sharq siyosatidan norozilik kuchaymoqda


AQShda hukumatining Yaqin Sharqdagi siyosatidan norozi namoyishchilar yana ko’chaga chiqdi, ba’zilari hatto saylov kampaniyasi doirasida mamlakatni aylanayotgan Prezident Jo Baydenning ma’ruzalariga xalaqit berishga harakat qildi.

Xalqaro hayot - 25-yanvar, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:08 0:00

Ayrim saylovchilar Isroilning G’azodagi kampaniyasi cho’zilib ketganidan va AQShning yahudiy davlatiga yordamidan norozi.

Bayden ishtirokidagi tadbirlarda, Kapitoliy ichida, rasmiylarning uylari oldida yuzga yaqin norozilik namoyishlarini tashkillashtirgan 700 a’zolik bir guruh faoliyati ijobiy natija berayotganini bildiradi.

“AQShda kayfiyat o’zgarmoqda, ayniqsa Baydenni inkor etish bilan bog’liq kayfiyat. Amerikalik arablar ovozlarini inkor etishda davom etayotgan Baydenga saylovda birortamiz ovoz bermaymiz. Jamoamiz G’azodagi vahshiyliklar va adolatsizliklarga chek qo’yilishini talab qilmoqda”, - deydi “Die-In for Humanity” tashkilotidan Hazami Barmada.

Oq uyning bildirishicha, Bayden tinch namoyishlarni qo’llab-quvvatlaydi.

“Prezident Isroilning o’zini XAMAS tahdididan himoya qilish huquqi va salohiyati muhim ekanini biladi. Ammo bu Qo’shma Shtatlar Isroilni tinch aholi orasida talafotlarni kamaytirishga va G’azoga gumanitar yordam kiritishga da’vat etishdan voz kechadi degani emas”, - deydi Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.

Tahlilchilar Bayden qiyin ahvolga tushib qolganini aytadi.

“G’azodagi vaziyatning Bayden uchun siyosiy muammo ekaniga shubha yo’q. Agar masalaga xolis qaraydigan bo’lsak, Bayden bu ishga imkon qadar ustalik bilan yondashdi, Netanyaxu bilan yaqinlashuv G’azoda ayrim yomon ishlarning oldini olishga yordam berishini darrov angladi. Biroq hozir Bayden Netanyaxuni chetga chiqarishga yaqin turibdi. Bu esa uning Amerikadagi eng qattiq tarafdorlari, Isroilga xayrixoh tarafdorlariga yoqmasligi mumkin”, - deydi Vashingtondagi “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Norm Ornstayn.

Tahlilchilar tashqi siyosat odatda saylov paytida katta rol o’ynamasligini aytarkan, keskin raqobat paytida jiddiy ahamiyatga ega bo’lishini, kimga ovoz berishni hozircha o’zi uchun hal qilmagan ayrim saylovchilar ovozlarini olishda muhim ekanini urg’ulaydi.

Tramp G’azodagi inqirozni qanday hal qilishi haqida aniq fikr bildirmagan, biroq prezidentligi paytida Isroilni qattiq qo’llab-quvvatlagan, ayrim musulmon mamlakatlardan muhojirlarning AQShga kirishiga to’siq qo’yib amerikalik musulmonlar tanqidiga uchragan.

“Janob Tramp do’stlarimizga, oila a’zolarimizga mamlakatga kirishga ruxsat bermadi. Ammo janob Bayden ularni o’ldirdi. Respublikachilar hukmronlik qilgan to’rt yilni hozir G’azodagi bir kunga solishtirib bo’lmaydi. Jamoamiz ana shu asosida xulosa chiqarmoqda”, - deydi “Baydendan yuz o’gir” harakatining a’zosi Hasan Abdulsalom.

Bu o’rtada G’azo Sektori aholisi ochlikka yuz tutmoqda. Gumanitar tashkilotlar Misr bilan chegaraga yaqin hududlarda ahvol ancha yaxshi ekanini, biroq Isroil harbiy harakatlar olib borayotgan shimoliy va markaziy rayonlarda vaziyat ayanchli ekanini ta’kidlaydi.

"Oziq-ovqat deyarli yo’q. Odamlar ovqatga zor”, - deydi Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining G’azodagi koordinatori Shon Keysi.

Harbiy harakatlar sabab gumanitar masalalar bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar faoliyatini olib borishga, ishlarini muvofiqlashtirishga qiynalyapti.

G’azodagi kasalxonalar shifokorlari chaqaloqlar to’yib ovqat yemaydigan onalardan tug’ilayotganiga, yangi tug’ilgan bolalar ozib ketayotganiga, onalar sutsiz ekaniga, yaralangan bemorlar organizmi infeksiyaga qarshi kurashish uchun haddan ziyod zaif ekaniga diqqat qaratadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG