Breaking News

Blinken va Si AQSh-Xitoy ziddiyatlarini muhokama qildi


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bugun Pekinda Xitoy prezidenti, tashqi ishlar vaziri va jamoat xavfsizligi vaziri bilan uchrashdi. Xabarlarga ko’ra, Blinken mazkur uchrashuvlarda ikki davlat aloqalaridagi og’riqli masalalarni ko’targan.

Xalqaro hayot - 26-aprel, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:37 0:00

"Ikki mamlakat raqib emas, hamkor bo’lishi kerak. Bir-birimizga ziyon yetkazishimiz emas, yutuqlarga birgalikda erishishimiz kerak. Kelishmovchiliklarni chetga surib, shafqatsiz raqobat o’rniga o’zaro kelishishimiz kerak”, - dedi Xitoy Prezidenti Si Zinpin.

Pekin AQShda Tayvanga yordamni o’z ichiga olgan qonun loyihasi qabul qilinganidan norozilik bildirgan. Vashington Xitoyga qarashli kompaniyaga unga tegishli TikTok ilovasini bir yil ichida sotish talabini qo’ygan. Pekin bunga qarshi chiqmoqda.

Qo’shma Shtatlar Janubiy Xitoy dengizining katta qismini o’ziniki deb da’vo qilayotgan Pekinning hududda qo’shni davlatlarga nisbatan siyosatini agressiv deb biladi.

Blinken va Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi ikki mamlakat o’rtasidagi tushunmovchiliklar va noto’g’ri hisoblar xavfli vaziyatlarga olib kelishi mumkinligini tan olarkan, aloqa kanallarini ochiq tutishga kelishib oldi.

Ikki vazir AQSh va Xitoy o’rtasidagi kelishmovchiliklarning global xavfsizlikka tahdid solayotganini alohida ta’kidlashdi.

Van o’zaro munosabatlar barqarorlasha borayotganini aytish bilan birga aloqalardagi salbiy omillarning ko’payayotganiga, munosabatlarga g’ov bo’layotganiga ishora qildi.

Blinken AQSh Prezidenti Jo Bayden Amerika-Xitoy muloqotiga jiddiy e’tibor qaratishini, so’nggi bir yilda ayrim munozarali mavzularda olg’a siljish kuzatilayotganini ta’kidladi.

“Nazarimizda, aloqalarni rivojlantirishda yuzma-yuz diplomatiyaning o’rnini bosadigan hech narsa yo’q. Kelishmovchiliklar mavjud sohalarni imkon qadar ochiq muhokama qilishimiz zarur”, - dedi AQSh davlat kotibi.

Qo’shma Shtatlar Xitoyning Rossiya bilan aloqalari kuchayayotganidan, Pekinning Rossiya harbiy-sanoat majmuasiga yordamidan noroziligini yashirmaydi.

Vashingtonga ko’ra, Pekin bu bilan Rossiyaga G’arb sanksiyalarini aylanib o’tishda ko’maklashmoqda.

“Xitoy Rossiyani Ukrainaga qarshi shafqatsiz bosqini va urushini qo’llashga qaratilgan komponentlar bilan ta’minlashiga doir xavotirlarimizga urg’u berdim. Xitoy o’q-dori, raketa yoqilg’isini ishlab chiqarish uchun mashinasozlik, mikroelektronika, nitrotsellyuloza bobida yetakchi davlatdir va Rossiya bulardan mudofaa-sanoat bazasini kuchaytirishda foydalanmoqda. Rossiya tayyorlagan raketalar, dronlar, tanklar va boshqa qurollar esa suveren mamlakatni bosib olishda, elektr tarmoqlari va boshqa fuqarolik infratuzilmasini vayron qilishda, bolalar, ayollar va erkaklarni o’ldirishda qo’llanmoqda”, - dedi Blinken.

AQSh tanqidchilari Oq uyni ikkiyuzlamachilikda ayblar ekan, Isroil Amerikadan olingan pul va qurollar bilan G’azoda minglab falastinlik ayollar va bolalarni qirayotganiga ishora qiladi.

BMT vakili Per Lodxammar G’azodagi vayronalarni tozalash va portlamay qolgan snaryadlarni zararsizlantirishga 14 yil vaqt ketishini bashorat qiladi.

“G’azoga otilgan snaryadlarning 10 foizi portlamay qolgan. Bizning hisobimizcha, xarobalar 37 million tonnani tashkil etadi. Ya’ni har bir kvadrat metrga 300 kilodan. Sektordagi uylar va imoratlarning 65 foizi vayron bo’lgan”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG