Britaniyaning Yevropa Ittifoqini tark etishi dunyoni larzaga soldi

  • Amerika Ovozi

Britaniya xalqining Yevropa Ittifoqini tark etish qarori nafaqat mamlakatni, balki butun dunyoni larzaga soldi.

"Britaniyaliklar qarorini nadomat bilan qabul qilamiz, - dedi Germaniya Kansleri Angela Merkel. - Bu Yevropa va Yevropaning birlashish jarayoniga zarba bo'lishiga shubha yo'q".

Merkelning qayd etishicha, dushanba kuni u Berlinda Yevropa Kengashi Prezidenti Donald Tusk hamda Fransiya va Italiya yetakchilari bilan ko'rishadi.

Tusk Britaniyani noto'g'ri qaror qabul qilganlikda aybladi.

"Buning asoratlari bo'ladi, - dedi u. - Boshqa davlatlar bunday xavfli yo'ldan borishlariga ishonmayman".

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Britaniyaning NATO uchun kuchli va yaqin ittifoqchi bo'lib qolishi haqida gapirdi.

Fransiya Prezidenti Fransua Olland ham Britaniya xalqi qaroridan afsusda.

AQSh rahbari Barak Obama juma kuni bayonot chiqarib, britaniyaliklar ahdini hurmat qilishini bildirdi.

"Birlashgan Qirollik xalqi o'z so'zini aytdi va biz ularning qarorini hurmat qilamiz", - dedi Obama.

Uning aytishicha, AQSh va Britaniya o'rtasidagi maxsus aloqa davom etadi va Londonning NATOdagi a'zoligi AQSh tashqi siyosatida bundan buyon ham muhim o'rin tutadi.

BMT Bosh kotibining so'zlovchisi Yevropa Ittifoqi BMT bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishiga va ko'plab sohalarda Britaniya yetakchiligi bardavom bo'lishiga umid bildirdi.

Respublikachilardan prezidentlik uchun nomzod Donald Tramp referendum natijasini olqishladi.

"Odamlar mamlakatlarini qaytarib olishni va mustaqilliklarini saqlab qolishni xohlaydi. Buni butun Yevropa bo'ylab ko'ryapsiz", - dedi Tramp.

U, shuningdek, o'zining nomzodini Britaniyadagi referendumga qiyosladi. Agar prezidentlikni qo'lga kiritsam, AQSh va mustaqil Britaniya aloqalarini mustahkamlash yo'lida ishlayman, dedi u.

Trampning raqibi, demokratlardan prezidentlik uchun nozmod Hillari Klinton ham referendum natijalari haqida bayonot chiqardi.

"Birlashgan Qirollik xalqi qabul qilgan tanlovni hurmat qilamiz. Endigi muhim vazifa bu voqealar yaratgan iqtisodiy noaniqlik Amerikadagi mehnatkash oilalarga zarar yetkazmasligini ta'minlash", - dedi Klinton.

Ayrim Yevropa davlatlari rahbarlari Britaniyada ittifoqqa qarshi kuchlarning g'olib chiqishini o'z yurtlarida ham shunday referendum o'tkazish imkoniyati sifatida ko'rmoqda. Masalan, Fransiyadagi o'ng qanot siyosiy harakati rahbari Marin Le Pen referendum natijasini "ozodlik g'alabasi" deb atadi.

Ozodlik partiyasi yetakchisi Girt Vilders Niderlandiyada ham shunday referendum o'tkazishga chaqirdi. Kelasi yil mart oyiga belgilangan saylovlarda bosh vazirlikni qo'lga kiritsa, u Yevropa Ittifoqidan chiqish masalasini xalq ovoziga qo'yishga va'da bermoqda.

Global moliya bozorlari jiddiy yo'qotishlarga uchradi. Britaniya, Fransiya va Germaniya aksiya bozorlarida narxlar yetti foizdan 10 foizgacha tushib ketdi. AQShda ham juma kuni barcha birjalarda katta yo'qotish kuzatildi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin O'zbekiston poytaxti Toshkentda o'tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida Britaniiyaning ittifoqni tark etishini hech kim zaif davlatlarni boqishni xohlamasligi bilan izohladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG