Breaking News

Siyosiy o'zgarishlar - zamon talabi, deydi xitoylik faollar


Xitoy Kommunistik partiyasining raisi Si Zinpin bosh vazir o'rinbosari Li Ketsan 12-Milliy xalq syezdining sessiyasida, Pekin, Xitoy, 4-mart, 2013-yil.
Xitoy Kommunistik partiyasining raisi Si Zinpin bosh vazir o'rinbosari Li Ketsan 12-Milliy xalq syezdining sessiyasida, Pekin, Xitoy, 4-mart, 2013-yil.
Bugun Xitoyda Milliy majlisning yillik syezdi boshlandi. Yanvar oyida yetakchi olimlar hukumatni demokratik islohotlarga chaqirgan. Davlat rahbarlari o’zgarishlar bo’lishiga ishora qilmoqda. Biroq hozircha, deydi kuzatuvchilar, islohotlardan darak yo’q.

Xitoyda Kommunistik partiya va davlat rahbariyati almashar ekan, ziyoli va faollar ularni islohotlarga undamoqda. Rasmiylar mamlakat rivojlanish modelining yutuqlari islohotlar mavjudligiga ishora, deydi.

Tashqi ishlar vazirligi vakili Fu Yinning aytishicha, agar Xitoy boshqa davlat modelini qabul qilmasa, islohotlar yo’q deyish to’g’ri emas.

"Rivojlangan davlatlarni muammodan xoli deb bo’lmaydi. Ba’zilarida muammolar Xitoynikidan kattaroq va murakkabroq, ammo hech kim ulardan siyosiy tizimini o’zgartirishni so’rayotgani yo’q", - deydi rasmiy.

Muddati tugayotgan Bosh vazir Ven Jiabao Kommunistik partiyaning o’tgan yilgi syezdida siyosiy islohotlar mavzusini ko’tarib, agar o’zgarishlar bo’lmasa, inqilobga yuz tutishimiz mumkin, deya ogohlantirgan edi.

Yil boshida esa 100 nafar olim, jurnalist va faol hukumatga murojaatida Konstitutsiyaga rioya qilishni, xususan sud tizimi mustaqilligini ta’minlab, internet, nodavlat tashkilotlar va matbuot ustidan nazoratni bekor qilishni so’ragan.

O’tgan yili partiya rahbarligini qo’lga olgan Si Zinpin syezd yakunida mamlakat prezidentligiga ham tayinlanadi. U islohot zarurati haqida so’zlab, aks holda partiya hokimiyatni qo’ldan chiqarishi mumkin, deb keladi.

Jurnalist Ai Shaominning aytishicha, yangi rahbariyatdan umid katta, hamma undan o’zgarishlarni kutmoqda.

"Rahbar almashganda odamlar, odatda, biror narsa o’zgaradi, deya umid qiladi. Hokimiyatga kim kelishidan qat’i nazar, yangi rahbar eskisiga o’xshamaydi, davlatni boshqacha yuritadi, degan fikr bo’ladi", - deydi u.

Kuzatuvchilarga ko’ra, yaqin 10 kunda islohot tarafdorlari bo’lgan bir necha rasmiy yuqori lavozimlarga tayinlanadi. Ammo ayrimlar nazarida qisqa vaqt ichida erishilgan yirik iqtisodiy yutuqlar ketidan mamlakatda manfaat guruhlari paydo bo’lib, ular o’zgarishlarga qarshilik ko’rsatadi.

Ai Shaominning aytishicha, rahbarlar muammo nimaligini bilmaganidan keyin xalqning dardini tushunmaydi, demak o’zgarishlarga ham ko’p umid qilmaslik kerak.

"Rahbarlarning oilalari Xitoyda yashamaydi. Kattaroq yig’in bo’lsa, muammolar haqida gapirilmaydi, tanqid eshikning orqasida qoladi", - deydi Shaomin.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida bozor iqtisodiyotiga asoslangan islohotlar natijasida mamlakatda boy va kambag’allar o’rtasida farq kuchaymoqda, tengsizlik kelib chiqmoqda. Bu muammolarni bartaraf etish uchun ham siyosiy o’zgarishlarga ehtiyoj bor.

Bosh vazir Ven Jiabao korrupsiyaga qarshi kurashishga, atrof-muhitni muhofaza qilishga, iqtisodiyotni yanada rivojlantirishga so’z berdi. Syezdda 3,500 delegat qatnashmoqda.

"Iqtisodiy rivojlanish resurslar va ekologiya hisobiga bo’lmasligi kerak. Qishloq va shahar taraqqiyoti o’rtasida farq katta", - deydi muddati tugayotgan bosh vazir.

Uning aytishicha, joriy yilda iqtisodiy yuksalish o’tgan yilgiday 7,5 foiz bo’lishi kutilmoqda. Mudofaa uchun xarajatlar 11 foizga oshadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG