Mustafo Jemilev: Qrimga NATO kuchlari kiritilishi kerak

  • Amerika Ovozi

Qrim tatarlari milliy harakati yetakchisi Mustafo Jemilev

Qrim tatarlari milliy harakati yetakchisi Mustafo Jemilev

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari o'tkazgan norasmiy yig’inida Qrim tatarlari yetakchisi Mustafo Jemilev ishtirok etib, Qora dengizdagi yarim orolga xalqaro tinchlikparvar kuchlarni kiritish lozimligini ta’kidladi.

O'zbekistonda o'sib ulg'aygan, Sovet ittifoqi davrida 1966-yildan 1986-yilgacha olti marta turi muddatli qamoq jazolarini o’tagan isyonkor huquq faoli asli qrimlik bo’lib, bugun qrim tatarlari milliy harakatining asosiy yetakchilaridan biri sanaladi.

31-mart kuni Nyu-Yorkdagi BMT qarorgohida Litva tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro yig’inda Mustafo Jemilev qrim tatarlari boshiga yana qora kunlar tushishi mumkinligidan xavotirda ekanini bildirdi. Ehtimoliy zo’ravonliklarning oldini olish hamda Rossiyaning bosqinchilik siyosatini chegaralash uchun hududga xalqaro tinchlikparvar askarlar kiritilishi kerak, dedi Jemilev.

“Biz bu yerda sodir bo’lishi kutilayotgan voqealardan xavotirdamiz. Shuning uchun BMT tinchlikparvar kuchlarining kiritilishini so’radik. Bunday qaror BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan qabul qilinishi kerak. Kengashda Rossiya veto qo’yish huquqiga ega ekan, bu taklifning amalga oshish imkoniyati deyarli yo’q”, - dedi qrim tatarlari yetakchisi.

Ikkinchi yo’l shuki, Kosovoda bo’lgani kabi, Qrimga ham NATO kuchlarini kiritish mumkin, dedi Jemilev.

“Ammo muammo shundaki, NATO faqat qonlar daryo bo’lib oqqandagina qo’shin kiritadi. Bizni qatl qilishlaridan oldin buni amalga oshirishlarini istaymiz”, - dedi u.
Ikkinchi yo’l shuki, Kosovoda bo’lgani kabi, Qrimga ham NATO kuchlarini kiritish mumkin, dedi Jemilev. “Ammo muammo shundaki, NATO faqat qonlar daryo bo’lib oqqandagina qo’shin kiritadi. Bizni qatl qilishlaridan oldin buni amalga oshirishlarini istaymiz”, - dedi u.

Qrim tatarlari II jahon urushi davrida vatanga xoinlikda ayblanib, Stalin buyrug’i bilan yoppasiga O’zbekistonga surgun qilingan. O'shanda ona vatanini tark etganlar orasida olti oylik chaqaloq Mustafo Jemilev ham bor edi.

Keyinroq xoinlik tamg’asi Qrim tatarlaridan olib tashlanishiga qaramay, ular o’z vatanlariga faqat Sovet ittifoqi qulagandan keyingina qaytish imkoniyatiga ega bo’ldi. Bugun qrim tatarlari mintaqa aholisining 12 foizini tashkil etuvchi ozchilikka aylanib qolgan.

Qrimda 16-mart kuni o'tkazilgan referendumda, Kreml hisob-kitobiga ko'ra, ishtirok etganlarning 93 foizi Rossiyaga qo’shilishni yoqlab ovoz bergan.

Rossiya saylovga layoqatli barcha aholining 83 foizi referendumda qatnashganini da'vo qilmoqda. Jemilevga ko’ra esa, saylovchilarning 32 foizi ovoz bergan, xolos.

Qrim tatarlari yetakchisining ta’kidlashicha, hududiy bahslarni hal qilish huquqi faqat mahalliy xalqqa berilishi kerak. Qrimning asl egasi qrim tatarlari ekan, uning vatani bo’lgan yerlarga egalik yuzasidan boshqa xalqlarning referendum o’tkazishi mantiqsizlikdir, deydi u.

BMT Xavfsizlik kengashida o’tkazilgan yig’inda Rossiya va Xitoy ishtirok etmadi. Rossiyaning BMTdagi missiyasi chiqargan bayonotga ko’ra, ushbu tadbir “bir taraflama propaganda namoyishi”dan boshqa narsa emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG