AQSh Misrga harbiy yordamni to'xtatmoqda


AQShning Apachi rusumidagi jangovar vertolyoti

AQShning Apachi rusumidagi jangovar vertolyoti

Qo’shma Shtatlar Misrga atalgan harbiy va moliyaviy yordamning bir qismini to’xtatishga qaror qildi. Davlat departamenti xulosasiga ko’ra, mamlakatda demokratik taraqqiyot kuzatilmayapti, prezident Muhammad Mursiy hokimiyatdan olinganidan so’ng uning tarafdorlariga qarshi haddan ziyod kuch ishlatilgan.

“Musulmon birodarlar” harakatining a’zolari iyul oyidan beri namoyish qilmoqda, muvaqqat hukumat esa ularni tazyiq ostiga olmoqda.

AQSh Davlat departamentining ma’lum qilishicha, Qo’shma Shtatlar yordamning bir qismini, jumladan chegara xavfsizligi uchun ajratilayotgan pulni Misrga berishda davom etadi. Qachonki mamlakat barcha siyosiy kuchlarni o’z ichiga oluvchi, demokratik ravishda saylangan hukumat tizimiga qaytsagina, yordam dasturlari o’shanda to’liq tiklanadi, deyiladi departament bayonotida.

AQSh davlat kotibi so’zlovchisi Meri Xarfning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Misrda tinchlik va barqorlik qaror topishi tarafdori.

"So’nggi bir necha oydagi mavhumlik va beqarorlikka barham berish lozim. Misr hukumati bilan muloqotdamiz. O’tish davri qiyinchiliklarini yengib, oyoqqa mahkam turib olishlariga tilakdoshmiz", - deydi Amerika rasmiysi.

Misr Isroildan so’ng AQShdan eng ko’p yordam olayotgan mamlakat hisoblanadi. Prezident Muhammad Mursiyning hokimiyatdan olinishi ketidan vujudga kelgan namoyishlarni bostirish uchun muvaqqat hukumat harbiylarni ishga solib, yuzlab odamlarning o’limiga sabab bo’lgani Obama ma’muriyatini Misrga yordam dasturlarini qayta ko’rib chiqishga majbur qildi.

Amerikalik jurnalist Jonatan Broderning aytishicha, muvaqqat hukumat AQSh harbiy yordamidan quruq qolishdan tashvishda emas.

"Misr ayni damda Saudiya Arabistoni, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklaridan katta-katta pul olmoqda. Yanglishmasam, 12 milliard dollar atrofida. Amerika yordami buning oldida daryodagi bir tomchi suvday", - deydi Broder.

Jurnalistga ko’ra, Isroil AQShdan Misrga harbiy yordamni kesmaslikni qat’iyan so’ragan. Biroq Misrda fuqarolar tazyiqqa olina boshlagach va mamlakatda inson huquqlari keng ravishda buzilgani haqida hisobotlar chiqqach, Obama ma’muriyati bularga ko’z yuma olmadi, deydi Broder.

"Agar Misr rahbarlari erkin va adolatli saylovlar o’tkazib, zo’ravonliklarga barham bersa, AQSh yordami tiklanishi mumkin", - deydi u.

Qo’shma Shtatlar Misrni har yili 1,3 milliard dollarga teng harbiy yordam bilan ta’minlaydi. Ayni damda Qohiraga Apachi rusumidagi jangovar vertolyotlar, raketalar va tank uchun ehtiyot qismlari, naqd pul va zayom kafolatlarining berilishi vaqtincha to’xtatilgan. Ammo tibbiyot va ta’lim, terrorga qarshi kurash va chegaralar muhofazasiga taalluqli dasturlar bu cheklovlardan mustasno.
XS
SM
MD
LG