Gaiti tabiiy ofat oqibatlari bilan hali yana uzoq kurashadi

  • Amerika Ovozi

Gaitini yetti ballik zilzila qaqshatganidan olti oy o’tib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hayot bir oz bo’lsa-da izga tusha boshlagan deya xulosa qilmoqda.

Jabrdiydalar ancha oyoqqa turib, yer bilan yakson bo’lgan poytaxt Porto-Prinsni tiklashga tushgan.

Ofat Gaitida 220 ming insonni hayotdan olib ketgan, 300 ming kishi jarohatlangan edi. Boshpanasiz qolganlar esa ikki milliondan ziyod.

O’tgan olti oy ichida yarim million odam turar joy bilan ta’minlangan. Jabrdiydalarning asosiy qismi bolalar.

Ular lagerlarda yashar ekan, BMT Bolalar jamg’armasi shu kungacha 275 ming go’dakni yuqumli kasalliklarga qarshi emlagan. Ikki mingdan oshiq bola og’ir kasalliklar bilan olishmoqda.

BMT vakili Jeremi Xartlining aytishicha, qiyinchiliklarga qaramay tashkilot bugungi vaziyatdan mamnun, chunki “biz bundanda og’ir bo’ladi deb qo’rqqan edik” deydi u. “Odamlarni ochlikdan saqlab qoldik”,- deydi u.

Jahon Sog’liq Saqlash Tashkiloti jabrdiydalarga tibbiy xizmat ko’rsatilayotganini aytsa, Gaiti rasmiylari xavfli kasalliklar keng tarqalmay turganidan xursand.

Lekin BMTning ekologik masalalar bilan shug’ullanuvchi rasmiysi Andryu Morton, atrof-muhit zaharlangan va zaharlanishda davom etmoqda, deydi.

“Biror joy sanitariya talablariga javob bermaydi. Porto-Prins axlatga to’la. Kanalizatsiya degan narsa yo’q. Odamlar juda iflos joylarda kun kechirmoqda”,- deydi mutaxassis.

Boshpanasiz qolgan odamlar qishloq joylarga borib, yangi hayot boshlashga harakat qilar ekan, o’rmonlar, ekinzorlar buzilib, suv omborlari bo’shab bormoqda.

Gaiti zilziladan oldin ham juda qashshoq bir mamlakat edi. Bugun u yerda inson borki, jon-jahdi bilan hayot uchun kurashmoqda, deydi BMT xodimlari. Tabiiyki, kichik bu orol davlatda mol-mulk uchun kurash ham avjida. Hukumat zaif, uning ustiga korrupsiyaga botgan. BMT yil boshida Gaiti uchun 1,6 milliard dollar kerak deb chiqqan edi, shuning 60 foizi berilgan xolos. Donor davlatlar 5 milliard dollargacha ko’mak va’da qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG