HRW, "Ozodlik uyi": O'zbekistonda ahvol og'ir


Inson huquqlari bilan shugu'llanuvchi "Human Rights Watch" va "Freedom House" tashkilotlari 2015-yilda kuzatilgan vaziyatga oid yillik hisobotlarini e'lon qildi. Har ikkisida O'zbekistondagi ahvol o'ta og'ir baholanadi. Huquq faollarida ham mamlakatdagi vaziyat yaqin kelajakda o'zgarishiga umid kam.

Jahon bo'ylab 90 davlatdagi ahvolni o'rgangan "Human Rights Watch" hisobotida O'zbekistonda vaziyat o'zgarmagan, inson huquqlariga oid ahvol o'ta nochorligicha qolmoqda, degan xulosa beradi.

Hisobot 2015-yildagi prezident saylovlari mamlakat konstitutsiyasiga zidligi, aholi uchun mutlaqo tanlov imkoniyati bermagani, bu saylov vositasida Islom Karimov o'z hokimiyatini yana besh yilga uzaytirganiga ahamiyat qaratadi.

Mamlakatda e'tiqod erkinligi toptalayotgani, minglab namozxonlar, o'nlab faollar siyosiy motivlarga ko'ra qamoqda qolayotgani, qiynoqlar qo'llanishi to'xtamagani, siyosiy tazyiqlar kuchaygani qayd etiladi.

O'zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov diniy motivlar bilan qamalayotgan fuqarolar himoyasi bilan shug'ullanadi.

Unga ko'ra, o'tgan yil davomida diniy ayblovlar, xususan, ekstremizm, terrorchi tashkilotlarga aloqadorlikda gumonlanib 300 dan ortiq kishi javobgarlikka tortilgan, diniy mahbuslar soni esa 13 mingga yaqin.

“Hozir ham diniy motivlar bo'yicha qamalganlar amnistiyaga tushmayotgani, muddati tugaganlarga esa jazo qo'shib berilayotgani haqida gapirganmiz. Umuman shunaqa, bu davom etayapti”, - deydi Ikromov.

"Human Rights Watch" O'zbekistonda ishlayotgan huquq himoyachilari bilan bog'liq vaziyatni ham ayanchli baholaydi.

O'tgan yil hisobida, ayniqsa, paxta terimi davrida Malohat Eshonqulova, Yelena Urlayeva, Dmitriy Tixonov kabi faollarga ko'rsatilgan bosimlar, jumladan, militsiya tomonidan Eshonqulova va Urlayevalarni tahqirli ravishda tintuv qilish, Tixonovning Angrendagi uyi yoqib yuborilishi esa hokimiyat tomonidan uyushtirilgani taxmin qilinadi.

Ayni paytda uysiz qolgan Dmitriy Tixonov qayerda yashayotgani noma'lum, mahalliy faollar hukumat turli usullar bilan huquq himoyachilari faoliyatini to'xtatishda davom etayotganini aytmoqda.

O'tgan yilgi paxta kampaniyasi monitoringida qatnashgan huquq faollaridan biri O'ktam Pardayev ham firibgarlikda ayblanib, ikki oy davomida hibsda ushlandi, 2016-boshida amnistiya tufayligina sud zalidan ozod qilindi.

Huquq himoyachisi Ziyodilla Razzoqov nazarida Pardayev uydirma avblov bilan jazoga tortilishi tazyiqlarga qaramasdan ishlashda davom etayotgan mahalliy huquq himoyachilari faoliyatini to'xtatish maqsadida qilingan.

“O'zi shundoq ham ko'chadagi barcha harakatimiz kuzatuv ostida. Ular huquq himoyachilarini yo'q qilishmoqchi ekan, unda O'zbekistonga Ombudsmanning nima keragi bor? U ham bizga o'xshagan inson huquqlarini himoya qiladigan idora. Unda barcha tashkilotlarni yo'qotishsin, lekin ularning maqsadi mustaqil ishlaydigan inson huquqlari himoyachilarini yo'qotish”, - deydi Razzoqov.

Xalqaro tashkilotlardan yana biri Ozodlik Uyi (Freedom House) hisoboti esa O'zbekiston erkinlik bo'g'ilishi bo'yicha qo'shni Turkmanistonni ham ortda qoldirgani bilan diqqatli.

Dunyoning 200 dan oshiq davlatidagi vaziyatga baho bergan bu hisobotda O'zbekiston erkinlik eng cheklangan o'ntalikda Shimoliy Koreya, Eritreya kabi davlatlar bilan yetakchilik qiladi. Erkinlik bo'g'ilishiga oid vaziyatda Turkmaniston bu davlatlardan keyingi o'rinda qayd etilgan.

Ozodlik Uyining bildirishicha, dunyo bo'ylab ijtimoiy tarmoqlar o'rni kuchayib borishi avtoritar davlatlarda tahlika uyg'otgan. Rejimlar fuqarolik jamiyati, internet va ijtimoiy tarmoqlar ustidan nazorot o'rnatish harakatini kuchaytirgan.

"Human Rights Watch" tashkilotining 2015-yilga atalgan hisoboti:

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG