Breaking News

Muhojir farzandlari Oq uy oldida namoyish o'tkazdi


40 nafar atrofidagi o'quvchilar guruhi bahorgi ta'tilda 1600 km. yo'l bosib, Prezident Donald Trampning immigratsiya siyosatiga qarshi namoyish o'tkazish uchun Oq uy oldiga keldi.

"Biz birgamiz" shiori ostida bolalar, ularning ota-onalari va boshqa fuqarolar Oq uy oldidagi Lafayet maydonida davra qurib o'tirdi. Bu yerga yig'ilganlar orasida muhojirlar farzandlari hamda yaqinlari deportatsiyaga uchraganlar bor.

"Biz birgamiz" kampaniyasi ishtirokchilari
"Biz birgamiz" kampaniyasi ishtirokchilari

17 yoshli Yelena Markuz hamma muhojirlar ham jinoyatchilar, zo'ravon va giyohvand savdogarlari emasligini Prezident Trampga aytish uchun kelgan.

U AQShda tug'ilgan. 12 yoshida otasini ko'zi oldida hibsga olishib, Gvatemalaga deportatsiya qilishgan. Onasi ham hujjatsiz, farzandlarini bir o'zi katta qilmoqda.

"Dadam shu yerda bo'lganida bizni maktabdan olib kelardi. Navbati kelganda, ovqat pishirardi. Hozir onam yolg'iz, bir o'zi qo'lidan kelgancha harakat qilyapti", - deydi u.

Yelena endi onasiga yordam bermoqchi. "Kollejga borishni, huquqshunos bo'lishni xohlayman", - deydi u.

Florida shtatidagi Mayami-Deyd okrugi hujjatsiz muhojirlarni himoya qilish siyosatidan voz kechgach, bir guruh faollar Vashingtonning immigratsiya siyosatiga e'tiroz bildirish maqsadida poytaxtga safar uyushtirishga qaror qildi.

"Bolalar bu uch kunlik safar orqali shahar meri Gimenezga muhojir oilalarni himoya qila olmagani uchun yaxshigina saboq berdi", - deydi kampaniya rahbari Andrea Merkado.

"Bu yoshlar bugunning va kelajakning yetakchilari. Mamlakatimizni olg'a siljitish uchun bizga shunday yetakchilar kerak", - dedi Merkado.

Namoyish AQSh Adliya vaziri Jef Seshns immigratsiya qonunlari ijrosida yangi davr boshlanganini e'lon qilishi ortidan tashkil etildi.

Seshns Arizona shtatiga safari davomida noqonuniy muhojirlarga qarshi kurash kuchaytirilishini aytgan edi.

"Bu o'lkaga noqonuniy kirishda davom etmoqchi bo'lganlar uchun ogohlantirib qo'yay: Hozir yangi davr. Bu Tramp davri", - dedi AQSh adliya vaziri.

10 yoshli Jasmin ismli qizaloqning ham Trampga aytadigan gaplari bor.

"Oilalarni bir-biridan ajratish noto'g'ri. Buni aytish mening va boshqa bolalarning maqsadi", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG