Saylov arafasida AQSh fuqaroligi uchun hujjat topshirayotganlar ko'p

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidentligi uchun Donald Tramp kabi nomzodlar olib borayotgan saylov kampaniyalarida muhojirlarga qarshi bayonotlar tez-tez quloqqa chalinmoqda. Bundan Amerikada qonuniy va doimiy yashash huquqiga ega muhojirlar ham xavotirda. "Amerika Ovozi" hali AQSh fuqaroligini qo'lga kiritib ulgurmagan shunday toifadagi immigrantlar bilan suhbatlashdi.

Asli perulik Maria va Xorxe Arana AQShda doimiy rezident degan maqomni olganiga olti yil bo'ldi.

Yaqinlashayotgan prezident saylovida immigratsiya asosiy mavzulardan ekan, ular fuqarolik uchun ariza topshirishga qaror qildi.

"Bu yerdagi barcha muhojirlar maqomlarini qonuniylashtirib olishlarini xohlardim. Deportatsiya tufayli qiynalayotgan oilalar ko'p. Ota-onalari ajralib qolishi oqibatida qiynalayotgan bolalar ham ko'p. Bu muammolar hal bo'lishi muhim", - deydi Maria.

Bu masalada Aranalar oilasi yolg'iz emas.

Mayamida joylashgan Florida muhojirlar koalitsiyasidan Ivan Perraning aytishicha, bu yilgi saylov arafasida fuqarolik uchun hujjat topshirayotgan muhojirlar soni keskin oshgan.

"O'tgan yili bir yil ichida 500 odamga yordam ko'rsatdik. Bu yil bir hafta ichida 400 odam bilan ishladik", - deydi u.

Yangi saylovchilar soni oshishi muhim. Bu yil mamlakat bo'ylab to'qqiz million odam fuqarolik oladi. Qariyb bir millioni Florida shtatida.

"AQShda millionlab odamlar hujjat topshirishga tayyor. Ular mehnatkash odamlar, soliqlarni to'lab kelishadi. Inglizcha bilishadi", - deydi Ivan Perra.

"Grin karta" asosida besh yil yashagan rezident saylash huquqini qo'lga kiritish uchun fuqarolikka kirishi lozim.

Gondurasda tug'ilib o'sgan Xulio Kalderon hujjatsiz muhojirlarga shtat rezidentlari uchun mavjud ta'lim imtiyozlaridan qanday foydalanishni o'rgatadi.

26 yoshli yigitning o'zi ham hujjatsiz. U ovoz berish huquqiga ega barcha fuqarolar saylovda qatnashib, munosib nomzodni saylashidan umidvor.

"Nomzodlar xohlagan narsalarini aytishlari va bajarishlari ustidan biz ta'sir o'tkazish imkoniyatiga egamiz. Saylovda ispanzabonlarning ishtroki juda muhim. Nomzodlarni har bir gapi uchun javobgar qilishimiz kerak", - deydi u.

Noqonuniy muhojirlarni haydash va nomzodlar orasida ularni yomonotliq qilish harakati davom etar ekan, bu yilgi saylov immigrantlar uchun ko'p narsani hal qilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG