Iroqda jangarilar Tikrit shahrini ham o'z nazoratiga olgan

  • Amerika Ovozi

Iroq harbiylarining hujumga uchragan texnikasi, Mosul, 10-iyun, 2014-yil.

Iroq harbiylarining hujumga uchragan texnikasi, Mosul, 10-iyun, 2014-yil.

Iroq xavfsizlik kuchlarining ma’lum qilishicha, "Iroq islomiy davlati" guruhi jangarilari Bag’dod shahridan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan Tikrit shahrini ham o’z nazoratiga olgan. Kecha ular Mosulni egallab olgan edi.

Sunniy jangarilar guruhi vakillari, shuningdek, kecha kechqurun Beyji shaharchasiga bostirib kirib, politsiya idorasi va sud binosiga o’t qo’ygan. Binolarni qo’riqlab turgan 250 askar shahardan quvib chiqarilgan.

Bugun Iroq xavfsizlik kuchlari Beyjida amaliyot o’tkazib, shaharchani qayta o’z nazoratga olgani xabar qilinmoqda.

Iroq Tashqi ishlar vaziri Hushyor Zebariyning aytishicha, Bag’dod shaharlarni jangarilardan ozod qilishda Kurdiston avtonom viloyati rasmiylari bilan hamkorlik qiladi.

Uning aytishicha, mamlakat yuz tutib turgan “o’ta jiddiy va halokatli” muammo oldida yetakchilar birlashib ishlashi lozim.

Iroq parlamenti spikeri Osama al-Nujayfiy Mosulning jangarilar tomonidan egallab olinishini “ulkan fojea” deb atagan.

“Mosul shahrida og’ir janglar boshlanganda, Iroq xavfsizlik kuchlari qurollarini tashlab ketgan, qo’mondonlar esa qochgan. Ularning ortida og’ir qurollar, harbiy texnikalar qolib ketdi”, - deydi Iroq rasmiysi.

Iroq 2008-yildan beri zo’ravonlik eng kuchaygan davrni boshidan kechirmoqda. BMT ma’lumotiga ko’ra, shu yilning o’zida 4500 odam o’ldirilgan, o’tgan oyda esa halok bo’lganlar soni 900 dan oshgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG