"Islomiy davlat" Rossiya josusini qatl etganini aytmoqda

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat" jangari to'dasi shimoliy kavkazlik a'zolaridan birini Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda ayblab, qatl etgan. Ma'lum bo'lishicha, jihodchilar orasida Sumaya ismi bilan tanilgan Elvira Karayeva Suriyada o'ldirilgan.

28 yashar Karayeva Rossiyaning Karachayevo-Cherkessiya Respublikasidan bo'lgan. 2013-yilda u o'smir qizi bilan Suriyaga borib, IShIDga qo'shilgan. Ungacha Kavkazdagi islomiy jangari guruhlar a'zolari bilan to'rt bor nikohda bo'lgani aytiladi. Barcha turmush o'rtoqlari Rossiya maxsus kuchlari tomonidan yo'q qilingan yoki noma'lum vaziyatda o'lgan.

"Islomiy davlat"ning rus tilida chop etiluvchi "Istok" jurnalida aytilishicha, ayol Suriyaga borganidan beri xalifalik xavfsizlik xizmati uni kuzatgan.

So'roq paytida Karayeva Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga ishlaganini inkor etib kelgan, biroq Ingushetiyadagi jangarilar buni isbotlovchi audio dalil yuborganidan so'ng josus ekanini tan olgan.

Internet orqali tarqatiladigan "Istok" jurnaliga ko'ra, uni peshonasidan otib, so'ng jasadini axlat qutisiga tashlashgan. Jangarilarning da'vo qilishicha, dalillardan Karayeva "Islomiy davlat"ga bay'at keltirgan so'nggi turmush ortog'ini zaharlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG