Kobulda yuz bergan xurujda 80 odam o'ldi

  • Amerika Ovozi

Kobulda yuz bergan portlashda kamida 80 odam halok bo'ldi. "Islomiy davlat" jangari guruhi xuruj uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga oldi. To'daga aloqador sayt e'lon qilgan bayonotda yozilishicha, bu ish mamlakatdagi, asosan, shialardan iborat hazora etnik guruhiga nisbatan ogohlantirish sifatida amalga oshirilgan. Suriya hukumati kuchlariga qo'shilishni bas qiling, deyiladi bayonotda.

Afg'oniston Ichki ishlar vazirligi ma'lumotiga ko'ra, xuruj tinch namoyishlar bo'lib o'tayotgan payt uch xudkush bombachi tomonidan amalga oshirilgan. Ulardan biri o'zini ko'pchilik orasida portlatgan bo'lsa, ikkinchisi adashib faqat o'zini o'ldirgan. Uchinchi xudkushchi xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o'ldirilgan.

Hujum minglab etnik hazoralar qurilishi rejalanayotgan yangi elektr tarmog'ining o'z hududlaridan o'tishini talab qilib namoyish o'tkazayotgan payt yuz bergan.

Ayrim huquq faollari va tahlilchilarning aytishicha, Eron muhojir hazora afg'onlarini yollab, ularni "Islomiy davlat"ga qarshi kurashish uchun Suriyaga jo'natmoqda.

Prezident Ashraf G'ani zo'ravonlikni terrorchilar ishi deya keskin qoraladi. Hukumat ayni paytda poytaxtda xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.

"Terrorchilar namoyishchilar orasiga kirib olib, portlashlarni amalga oshirdi hamda ko'plab fuqarolarni, jumladan, xavfsizlik va mudofaa kuchlari vakillarini shahid qildi va yaraladi", - dedi Afg'oniston prezidenti.

Xalqaro hamjamiyat vakillari va huquq tashkilotlari ham tinch namoyishchilarnng hujumga tutilishini keskin qoralamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG