Breaking News

Qirg'izistonda fuqaro va nomzodlar prezident saylovlarida qonunbuzarliklardan shikoyat qilmoqda


Qirg'izistonda prezident saylovlari, Qizil Birlik qishlog'i, poytaxt Bishkekdan 25 kilometr narida. 30-oktabr, 2011-yil
Qirg'izistonda prezident saylovlari, Qizil Birlik qishlog'i, poytaxt Bishkekdan 25 kilometr narida. 30-oktabr, 2011-yil

Bugun Qirg'izistonda prezident saylovlari. Jarayon hozir yakunlangan. Markaziy saylov komissiyasining bildirishicha, bir milliondan ortiq fuqaro ovoz bergan.

Xalqaro kuzatuvchilar va mahalliy nodavlat tashkilotlari vakillariga ko'ra, ko'plab qonunbuzarliklar qayd etilgan. Jumladan, saylovchilar ovozlarini sotib olish, byulletenlarni xato to'ldirish.

Ayrim hollarda saylovchilarning ro'yxatdan o'tkazilmagani ma'lum bo'ldi. Nomlarini topolmagan fuqarolar Markaziy saylov komissiyasini sudga bergan.

Qirg'izistonda fuqaro va nomzodlar prezident saylovlarida qonunbuzarliklardan shikoyat qilmoqda
Qirg'izistonda fuqaro va nomzodlar prezident saylovlarida qonunbuzarliklardan shikoyat qilmoqda

Nomzodlardan biri Quvonichbek Isabekovning aytishicha, saylov paytida ma'muriy resurslardan keng foydalanilgan.

Hatto Asqar Akayev va Qurmanbek Bakiyev paytlarida ham bunday bo'lmagan, deydi u. Nomzodning da'vo qilishicha, universitetlar va davlat ish joylarida talabalar va xizmatchilar majburiy ovoz bergan.

Dastlabki natijalar ertaga e'lon qilinishi kutilmoqda. Kuzatuvchilarga ko'ra, prezidentlikka asosiy da'vogarlar sobiq bosh vazir Olmosbek Otamboyev hamda millatchi siyosatchilar Qamchibek Toshiyev va Adaxon Madumarov. Toshiyev sobiq favqulodda holatlar vaziri, Madumarov esa parlamentda spiker bo'lgan.

Otamboyev g'alaba qilishiga umid bildirib, mamlakat tinch va farovon hayotni istaydi, deydi.

"Xalq siyosiy munozaralar va namoyishlardan charchagan", - deydi Otamboyev.

Qirg'izistonda fuqaro va nomzodlar prezident saylovlarida qonunbuzarliklardan shikoyat qilmoqda
Qirg'izistonda fuqaro va nomzodlar prezident saylovlarida qonunbuzarliklardan shikoyat qilmoqda

G'olib mamlakatni o'tgan yildan beri vaqtinchalik boshqarayotgan Roza Otunbayevaning o'rniga keladi. Otunbayeva yangi saylovlarda ishtirok etmaslik sharti bilan vaqtinchalik prezidentlikka tayinlangan edi.

Kuzatuvchilar saylovlar ketidan shimol va janub o'rtasidagi ziddiyatlar yanada kuchayishidan xavotirda. Janubdan nomzod Adaxon Madumarov qonubuzarliklarni tilga olib, saylov adolatli o'tmagan, deydi.

"Shunday bo'lgan taqdirda ovozlarning qayta hisoblanishini talab qilamiz, har bir ovoz uchun kurashamiz", - deydi u.

Qubatbek Baybolovning aytishicha esa, saylov kuni ertalab shaharda jamoat transporti bo'lmagan.

"Avtobuslar odamlarni ommaviy ravishda ovoz berishga tashigan", - deydi Baybolov.

Qirg'izistonda fuqaro va nomzodlar prezident saylovlarida qonunbuzarliklardan shikoyat qilmoqda
Qirg'izistonda fuqaro va nomzodlar prezident saylovlarida qonunbuzarliklardan shikoyat qilmoqda

Nomzod Markaziy saylov komissiyasini noxolislikda ayblab, komissiya a'zolarini iste'foga chaqirmoqda.

"Respublika yaqin o'tmishda bu qadar iflos saylovlarga yuz tutmagan", deydi Baybolov.

Uning nazarida komissiya tarkibiga qonunchilar, xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar, ekspertlar va fuqarolik jamiyati vakillari kirishi kerak.

Saylovchilar jami 16 nomzod uchun ovoz bergan. 50 yoki undan ko'p foiz ovoz to'plagan nomzod g'olib deb topiladi, aks holda birinchi ikki o'rinni egallagan arbob noyabr o'rtasida ikkinchi bosqichda prezidentlik taqdirini hal qiladi.

Ma'lumki, o'tgan yilgi davlat to'ntarishidan so'ng referendum o'tkazilib, respublika parlament tizimiga o'tgan, prezident vakolatlari esa qisqartirilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG