Prezidentni tanlash mushkul vazifa, deydi qirg’iz ziyolilari


Qirg’izistonda Roza Otunbayeva kelasi yil dekabriga qadar prezident lavozimida qolishi aytilmoqda. Muvaqqat hukumat qaroriga ko’ra, xizmat muddati tugagach, u 2011 yilgi prezident saylovlarida qatnashmaydi va biror siyosiy partiyaga a’zo bo’la olmaydi. Hukumatning bu qarori siyosatchilar orasida qarama-qarshi fikrlarga sabab bo’lmoqda.

O’shlik siyosatshunos, Mahalliy davlat universiteti professori Arap Anarbayev so’zlariga ko’ra, Qirg’izistonda qonuniy prezident yo’qligi boshqa davlatlar bilan munosabatlarda halaqit qiladi.

“Qisqa muddatga bo’lsa ham prezident tayinlangani to’g’ri qaror, deb hisoblayman. Chunki davlatlararo bordi-keldilar bir kun ham tanaffus olgani yo’q”, - deydi u.

“Bu borada, Qirg’ziston degan davlat bor ekan, qirg’iz xalqi bor ekan, bizning o’lka Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zosi ekan, turli davlatlar vakillari Qirg’izistonning rahbari bilan gaplashishga majbur”, - deb davom etadi professor Arap Anarbayev.

Ayrim arboblar bunday qadam noqonuniy desa, boshqalar bu vaziyat taqozosi, deydi. O’shdagi “Sulaymon nuri” nohukumat tashkiloti rahbari, huquqshunos Sodiqjon Mahmudov:

“Vaqtinchali hukumat haqida ham hech bir qonunda gap yo’q. Lekin vaziyat buni talab qilmoqda. Yaqinda Bosh qomus referundumi bo’lib o’tadi, keyin esa parlament saylovlari. Shu payt davomida har xil to’polonlar, notinchlik hollari chiqmasligi uchun prezident tayinlandi. Otunbayeva xonim davlat rahbari sifatida barcha mas’uliyatni bo’yniga oldi”, - deydi huquqshunos.

Ayni paytda konstitutsiyaviy kengash Bosh qomus loyihasiga so’nggi o’zgartirishlar kiritgan. Endi navbat umumxalq referendumiga. U kelasi oyda o’tkaziladi.

“Menimcha, Konstitutsiyada “dunyoviy” degan ibora qolishi kerak edi. Sababi bizning davlatning tuzilishi shunga mos keladi”, - deydi huquqshunos Sodiqjon Mahmudov.

Suhbatdoshlar nazarida Qirg’iziston yangi Konstitutsiyasi yaqin orada qabul qilinishi o’lka hayotini tezroq qonuniy izga tushishiga turtki bergan bo’lar edi.

“Yangi hukumat tomonidan tayyorlangan asosiy qonun loyihasini men to’g’ri, deb hisoblayman. Siyosiy sistemamiz ko’proq parlament respublikasiga o’tib ketayapti. Qirg’izistonda oxirgi yigirma yil ichida boshqaruv tuzimi deyarli monarxiya sistemasiga aylanib qo’ldi, oilaviy boshqaruvga giriftor bo’ldik".

"Endi esa xalq katta o’zgarishlarni kutmoqda. Mamlakatda parlament boshqaruvi, yani kollegial boshqaruv oldingi siyosiy tizimdan ma’qulroq bo’ladi”, - deya mulohaza yuritadi siyosatshunos, professor Arap Anarbayev.

Tahlilchilar Qirg’izistonda boshqaruv tizimining yangidan shakllanishi va qonunlar ustivorligini ta’minlash o’lkada barqarorlik o’rnatishning asosiy omillari, deb hisoblaydi.

XS
SM
MD
LG