Breaking News

Qirg’izistonda 59 arbob prezident bo’lmoqchi


Qirg’izistonda prezidentlikka nomzodlarni ko’rsatish jarayoni yakunlandi. Markaziy saylov komissiyasi axboroticha, 59 nafar arbob oliy lavozim uchun kurashish istagini bildirdi. Ulardan 11 nafari siyosiy partiyalar tarafidan ko’rsatilgan bo’lsa, qolgan 48 nafari nomzodini shaxsan o’zi olg’a surgan.

Mamlakat qonunlariga ko’ra, nomzodlar bir million qirg’iz so’mi miqdorida kafolat mablag’i kiritishi, saylov komissiyasiga 30 ming fuqaro imzosini taqdim etishi hamda davlat tili bo’yicha imtihondan o’tishi lozim. Markaziy saylov komissiyasi nomzodlarni 10-sentabrgacha ro'yxatga oladi. Saylov joriy yilning 15-oktabrida bo’lib o’tadi.

Nomzodlarning soni va sifati, layoqati haqida mahalliy mutaxassislar nima deydi?

Bo’lush Saiyev yetakchilik qilgan “Luch lotosa” jamoatchilik jamg’armasi ko’pdan beri turli darajadagi saylovlarni kuzatib keladi.

Suhbatdosh nazarida, ayrim istisnolarni hisobga olmaganda, bu galgi nomzodlar tarkibida aytarli o’zgarish sezilmaydi. Eskidan siyosatga aralashib yurgan insonlar ko’pchilikni tashkil qiladi.

“Nomzodlarning katta qismi siyosiy maydondan ketmaslik uchun, o’zini ko’rsatib turish maqsadida saylovlarga otlangan. Aslida ular prezident bo’lishlariga o’zlari ham ishonmaydi”, - deydi Saiyev.

Avvalgi prezident saylovlarida 80 dan ziyod nomzod musobaqalashgan edi. Bu safar salkam 60 arbob poygaga hozirlanmoqda. Nomdor da'vogarlar orasida amaldagi Bosh vazir Sooronbay Jeenbekov, sobiq bosh vazirlar Omurbek Babanov va Temir Sariyevlar bor.

Ro’yxatdan qator siyosiy partiyalarning yetakchilari, parlament deputatlari, badavlat ishbilarmonlar, davlat arboblari joy olgan. Bu gal kurashga bir necha olim, inson huquqlari tashkilotlarining vakillari ham otlangan. Besh nomzod nafaqaxo’r, yana uchtasi vaqtincha ishlamaydi, deb ko’rsatilgan. Nomzodlarning yetti nafari ayollar.

Tadqiqotchi Bo’lish Saiyev deydiki, aynan yangi, yorqin nomlar kamligi saylovchilar ishonchi, faolligiga salbiy ta’sir o’tkazadi.

Aytib o’tilganidek, atigi 11 nomzod siyosiy partiyalar tarafidan ko’rsatilgan. Qolgan 48 arbob nomzodini shaxsan o’zi olg’a surgan. Ayrim kuzatuvchilar nazarida, bu hol Qirg'izistonda siyosiy partiyalar, aniqrog’i, partiyaviy tizim inqirozidan dalolat beradi.

Bo’lish Saiyev ushbu kuzatuvlarga qo’shiladi. Uningcha, hozirgi Qirg’izistonda partiyaviy qurilishda ko’zbo'yamachilik, qalbakilik, partiyalar imkoni hamda ta’sirini bo’rttirib ko’rsatish odat tusiga kirgan. Aksar partiyalar obro’si bir yetakchi nomi bilan bog’liqki, rahbar chetga surilsa, partiya nomi ham o’chadi hisob.

“Yaqin kelajakda partiyaviy qurilishda jiddiy siljishlar bo’lishi darkor. Yo’qsa partiyaviy tizimning obro'si va bunday tizimga ishonch keskin pasayishi mumkin”, - deydi tadqiqotchi.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko’ra, qator puldor va amaldor nomzodlar Markaziy saylov komissiyasida rasmiy ro’yxatga olinishni kutmasdan saylovoldi tashviqotini boshlab yuborgan. Bu o’rinda siyosatchilar o’z nazoratidagi ommaviy axborot vositalari xizmatidan foydalanmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG