Qirg’iziston janubi bir dunyo, shimoli boshqa dunyo


Referendum atalmish dovondan oshib o’tgan Qirg’izistonning janubi va shimolida manzara, kayfiyat har xil. Dahshatli qatliomni boshidan kechirgan, asosan, o’zbeklar yashovchi janubiy viloyatlarda aholi referendumga deyarli chiqmagan. Shimolda esa aksincha, siyosiy faollik, birdamlik hissi kuchli. Odamlar jarayonda aktiv qatnashgan.

Bishkekdagi Birinchi may rayonida referendumni nazorat qilgan faol, tajribali kuzatuvchi Gulnara Aytbayeva 19 yillik istiqlol davomida hali bunaqasi bo’lmagan edi, deydi.

“Aholi orasida xotirjamlik hissi juda sezildi. Men Bishkek haqida, o’zim kuzatgan uchastkalar haqida gapirayapman. Odamlar referendumda qatnashib, ovozi haqiqatan hisobga olinishiga ishondi”.

Lekin Qirg’izistonda oxirgi bir necha haftada yuz bergan qonli voqealar, talofatlar beiz ketmadi. Aholi nihoyat g’aflatdan uyg’ondi va referendumdagi faollik buni isbotladi, deydi Gulnara Aytbayeva.

“Qirg’iziston ahli konstitutsiyani boshdan oyoq o’qib chiqdi deya olmayman. Hamma ham nimaga ovoz berganini aniq ayta olmaydi, ishonchim komil. Lekin ular mavhumlikdan, arosatdan charchagan. Odamlarni ko’rib, tinglab angladimki, aksariyati “ha” deya, aslida Roza Otunbayevani qo’llab-quvvatladi. Muvaqqat rahbarga dalda berdi”.

Referendum adolatli o’tganiga shubha bildirganlar masalasida Gulnara Aytbayeva dalillar kerak, deydi. “Butun mamlakat haqida gapirmayman, ammo Bishkekda jarayon haqqoniy o’tdi. Tanqidiy da’volar qanchalik asosli ekanini vaqt ko’rsatadi. Agar isbotlay olishsa, marhamat”.

Bishkeklik bu kuzatuvchi nazarida yangi konstitutsiya farovon va osuda kelajak garovi emas. “Ertagayoq hayotimiz ajoyibu g’aroyib bo’lib qolmaydi. Gap ko’proq bevosita siyosatchilarga bog’liq. Parlament – Joqorg’u Kengeshning yangi tarkibida kimlar bo’lishiga”, - deydi u. Davlat tepasiga kelgan odamlar o’z karmoni va qarindoshi haqida emas, ish haqida qayg’ursa, o’zgarish bo’ladi.

“So’nggi qonli hodisalar Qirg’iziston ahlini g’ofillik, loqaydlik uyqusidan uyg’otdi. Qirg’iz, o’zbek va boshqa elatlar hayotimiz o’zimizga bog’liq ekanini tushundik”.

Qirg’izistonda kuzda parlament saylovlari o’tadi. “Odamlar partiyalar faoliyati, ularning dasturlari bilan astoydil qiziqa boshladi. Hech kim endi bu jarayonda ko’r-ko’rona qatnashmoqchi emas. Arboblar va siyosiy guruhlar gapiga laqqa tushib, ketmoqchi emas ular”, - deydi Gulnara Aytbayeva.

XS
SM
MD
LG