Boris Nemtsovning qotillari topildimi?

  • Amerika Ovozi

AQSh Vakillar palatasining ikki a'zosi Rossiyada muxolifat lideri Boris Nemtsovning o'limini ochiq va adolatli tergov qilishga chaqirmoqda. Putin ma'muriyatining ashaddiy tanqidchisi bo'lgan Nemtsov 2015-yilning fevralida Kreml yaqinida otib ketilgan edi.

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo'yicha quyi qo'mita raisi Ileana Ros-Leytinen va Tashqi aloqalar qo'mitasi a'zosi Elliot Engel Kongressda rezolyutsiya loyihasini taqdim etdi. Nemtsovning qotillari topilishi va jazolanishi uchun AQSh Rossiyaga bosim o'tkazsin, deyiladi unda.

"Borisning o'limi yuzasidan savollar bir dunyo, biroq bu ish haligacha izchil tergov qilinmadi. Obama ma'muriyati Putin rejimidan adolat talab qilishini so'rayman", - deydi Ros-Leytinen.

Nemtsov 1990-yillarda gubernator, energetika vaziri va bosh vazir o'rinbosari lavozimlarida ishlab, so'ngra muxolifatga o'tib ketgan. Prezident Putin uning o'limini provokatsiyaga o'xshatgan edi. Oppozitsiya nazarida Nemtsov aynan prezidentga nisbatan keskin tanqidlari uchun nishonga olingan.

Qotillarni topish talabi bitilgan rezolyutsiyada, shuningdek, Rossiyadagi demokratik faollar va notijoriy tashkilotlarga yordamni oshirish taklifi ham bor. O'tgan yillar ichida qabul qilingan qonunlar va hukumat bosimi bois bugun Rossiyada fuqarolik jamiyati faoliyat yuritishi uchun sharoit yo'q hisob.

Boris Nemtsovning o'limiga aloqadorlik gumoni bilan shu kungacha besh kishi hibsga olindi. Muxolifat nazarida asl buyurtmachilar erkinlikda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG