Breaking News

AQShda oziq-ovqat xavfsizligiga qo'yilgan talablar kuchaytirildi


AQShda yanvar oyidan oziq-ovqat sanoatini nazorat qiluvchi yangi qoidalar kuchga kirdi.
AQShda yanvar oyidan oziq-ovqat sanoatini nazorat qiluvchi yangi qoidalar kuchga kirdi.
AQShda oziq-ovqat sanoatini nazorat qiluvchi yangi qoidalar kuchga kirdi. Kuzatuvchilar fikricha, bu o’tgan asrning 30-yillaridan beri sohada kuzatilayotgan eng katta ijobiy o’zgarish. Yangi choralar har yili bir milliondan ortiq odam oziq-ovqatdan xastalanishining oldini olishi kutilmoqda.

Oziq-ovqat sanoatida yangi qoidalar, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:17 0:00
Yuklab oling

Yangi qoidalar prezident Barak Obama Oziq-ovqat xavfsizligini modernizatsiyalash haqidagi qonunga imzo chekkanidan ikki yil o’tib joriy etilmoqda. Bu qonun ijrosini ta’minlashga qaratilgan dastlabki muhim qadam sifatida baholanmoqda. Endilikda sanoat ustidan nazoratni amalga oshiruvchi Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasi shikoyat tushishini kutmasdan oldindan ehtiyot choralarini tatbiq etish vakolatiga ega bo’ladi.

Oziq-ovqat qonuni Amerikada yuzlab odamlarning konservalangan va qadoqlangan ismaloq, yeryong’oq moyi kabi mahsulotlardan zaharlanishi ortidan qabul qilingan edi. Qonun shu kabi baxtsiz hodisalarning oldini olishga xizmat qiladi, deydi Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasi rasmiysi Margaret Gamburg.

“Ilgari shunday choralar bo’lmagani uchun zaharlanish hollari ro’y bergan. Endi bu borada jiddiy o’zgarish bo’lishiga ishonamiz”,- deydi u.

Yangi qoidalarga ko’ra, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar zaharlanishga olib borishi mumkin bo’lgan sabablarni oldindan aniqlab, ularga qarshi chora ko’rishi lozim. Meva va sabzavotlarni xavfsiz yetishtirish uchun ma’lum andozalar belgilangan.

Kongress qoshidagi Byudjet idorasi hisobiga ko’ra, qonun ijrosi hukumatga 1,4 milliard dollarga tushadi. Soha vakillari chorani qo’llab-quvvatlamoqda, ammo ularning eng yirik uyushmasi – Amerika oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilari yangi o’zgarishlar ularga qanchaga tushishi haqida ma’lumot bermoqchi emas.

Har yili olti amerikalikdan biri oziq-ovqatdan kasallanar ekan, sarflanayotgan mablag’ o’zini oqlaydi, deydi Oziq-ovqat va dori darmon idorasi vakili Maykl Teylor.

“Kasallanganlar soni kamayishining o’zi katta gap. Bundan tashqari, oziq-ovqat yetkazishda ro’y beradigan uzilishlar, iste’molchilar ishonchini yo’qotish kabi holatlarning oldi olinishini hisobga olsak, foydasi xarajatdan ko’ra ko’proq bo’ladi”, - deydi rasmiy.

Qoidalar bir yilga kechikdi, ammo, baribir, qabul qilinganidan xursandmiz, deydi Oziq-ovqat xavfsizligi jamoatchilik markazi rahbari Karolina Deval.

Lekin ko’rilayotgan choralar yetarli emas, deya qo’shimcha qiladi u.

“Import mahsulotlar haqidagi qoidalar qani? Ular hali ham qabul qilinmadi”, - deydi u.

Federal Oziq-ovqat idorasi ma’lumotiga ko’ra, AQShda iste’mol qilinadigan yeguliklarning 15 foizi chetdan keltiriladi. Lekin ularning miqdori yildan yilga o’sib bormoqda. Xorijdan keladigan oziq-ovqat mahsulotlariga ham mahalliy mahsulotlarga joriy etilgani kabi bir xil talablar qo’yilishi qonunda tilga olingan. Ammo bu boradagi qoidalar hali e’lon qilingani yo’q.

Yangi qoidalarning qabul qilinishi uchun kamida bir yil vaqt kerak bo’ladi. Ular, avval, jamoatchilik e’tiboriga havola etiladi, so’ng bildirilgan takliflar asosida tegishli o’zgartirishlar kiritilishi mumkin.

Shuningdek, Kongress yangi qoidalarning amalga oshishi uchun ketadigan sarf-xarajatlarni hukumat bo’yniga yuklashi kerak. Og’ir iqtisodiy sharoitda buning ham amalga oshishi qiyin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG