Dunyo ahlini to'ydira olamizmi?

  • Amerika Ovozi

So'nggi 15 yil davomida Shimoliy Koreyada to'yib ovqat yemaydiganlar ancha ko'paygan.

So'nggi 15 yil davomida Shimoliy Koreyada to'yib ovqat yemaydiganlar ancha ko'paygan.

Ko’p mamlakatlar 1940-1970-yillar orasida Yashil inqilobni boshidan kechirgan. Tadqiqot va yangi texnologiya qishloq xo’jaligida o’sishni ta’minladi, kambag’al mamlakatlarda bir milliard odamning qorni to’ydi. Bugun qator davlatlar oziq-ovqat tanqisligi, ochlik va qashshoqlikka qarshi kurashga majbur. Surunkali ravishda och odamlar soni bir milliardga teng. Yaqinda bosmadan chiqadigan kitob sohada inqilob yasasa, ajabmas, deydi ekspertlar.



Gordon Konvey “Nonga zor milliard inson” kitobi muallifi. Dunyo ahlini to’ydirib bo’ladimi, degan savolga uning javobi ijobiy, faqat…

“Qadamlarimizni o’ylab bossak, dunyo ahli qornini to’ydira olamiz. Yetarli yordam va sarmoya ajratish, yangi texnologiyadan foydalanish kerak. Fermer ayollarni va oilani boquvchi onalarni qo’llab-quvvatlasak va iqlim o’zgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashsak, marra bizniki,” - deydi u.

Ocharchilik vitamin va minerallarga to’la, ya’ni sifatli ovqat yemaslikni anglatadi, deya tushuntiradi Konvey:

“Albatta, ayol va erkak, yosh va keksa odam uchun ko’rsatkichlar boshqa-boshqa. Eng dahshatlisi – bolalar orasidagi ocharchilik. Dunyoda besh yoshga yetmagan 170-180 million bola o’sishda oqsaydi, ya’ni bo’yi normadan past. Nimaga? Chunki ular sifatli, foydali ovqat yemaydi. Organizmida A vitamini, rux va temir moddasi kam”.

Yashil inqilob davomida qishloq xo’jaligi sohasida tadqiqotlar o’tkazildi, yangi texnologiyalar kashf etilib, qo’llana boshladi. Natijada hosildorlik oshib, bir milliarddan ortiq odam hayoti saqlab qolindi.

“Muvaffaqiyatga erishilgani aniq. Chunki oziq-ovqat ishlab chiqarish aholining o’sishi sur’ati bilan baravar. Janubiy Osiyo, xususan, Hindistonda dastur samarasi maqtovga loyiq,” - deydi mutaxassis.

Biroq ayrim mintaqalar, masalan, Afrika chetda qolib ketgan, davom etadi Konvey va yangi inqilob boshlash vaqti kelganini aytadi.

Lekin XX-asrning Yashil inqilobi davrida ekologiya inobatga olinmagan. Endi esa mahsulot va hosildorlik deb, tabiatni ko’r-ko’rona sog’ish yo’q. Iqlim o’zgarayotgan pallada tabiatni asrash kerak, deydi mutaxassis:

“Hosildorlikdan aynan kambag’allar foyda ko’rishini ta’minlaylik. Tabiatga ham zarari bo’lmasin. Bu inqilob qorin uchun muhim bug’doy va sholini ham, atrof-muhitni ham birday avaylashning uddasidan chiqadi”.

Dunyo aholisi o’sishda davom etadi, demak, oziq-ovqat ta’mininoti yanada dolzarblashadi. BMTning bildirishicha, 2050-yilga borib sayyora ahli to’qqiz milliardga yetadi. Odamlarni to’ydirmoqchi ekanmiz, innovatsiya, bozor iqtisodi barobarida odamlarga e’tibor berish kerak. Bunda siyosiy rahbarlar katta rol o’ynaydi, deydi Konvey.

Uning “Nonga zor milliard inson: dunyo ahlini to’ydira olamizmi?” deb nomlangan kitobi 9-oktabrda bosmadan chiqadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG