Olimpiya o’yinlarini ilg’or texnologiyasiz tasavvur qilish qiyin

  • Amerika Ovozi

Londonda Yozgi Olimpiya o’yinlari o’tmoqda. Yangi rekordlar, yangi yutuqlar. Bunda nafaqat sportchilarning tayyorgarlik darajasi, balki zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan yangi sport qurollari ham muhim ahamiyatga ega.

1896-yilgi birinchi Olimpiada o’yinlarida amerikalik sportchi balandlikka sakrash bo’yicha oltin medalni qo’lga kiritgan edi. Yog’ochdan yasalgan langarcho’p unga 3,30 metr balandlikni zabt etish imkonini bergan. Bundan to’rt yil avval Pekin Olimpiadasida avstraliyalik sportchi 5,96 metr balandlikka sakrashga muvaffaq bo’ldi. Uning qo’lidagi langarsho’p uglevod tolalaridan yasalgan, oldingi cho’plarga qaraganda ancha yengil va chidamli.

Angliyadagi Lukburu universitetining sport texnologiyalari bo’yicha professori Maykl Keynning aytishicha, texnologiya sportda katta o’zgarishlar yasamoqda.

“Biz guvoh bo’lganimiz inqilobning o’zginasi. Ayniqsa, eng zo’r muhandislar kashf etgan zamonaviy material va texnologiyalardan foydalanish”,- deydi u.

Professorning aytishicha, yengil va chidamli raketka, golf klyushkalari va boshqa sport qurollari yordamida bugun to’pni uzoqroqqa otish mumkin. Sportda bu yangi rekordlar yaratiladi, degani.

2008-yilgi Pekin Olimpiadasiga qadar har bir musobaqada o’rtacha 22 ta yangi jahon rekordi o’rnatilar edi. Pekinda 108 ta rekord qayd etildi. Suzish bo’yicha bellashuvlar g’oliblarining 94 foizi zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan kiyimda suzgan, deydi Keyn.

“Bu sportchilarning gidrodinamikasiga ta’sir qiladi. Ular suzayotganda suvning qarshiligi ancha kamayadi. Ilgarigi suzish kostyumlariga qaraganda yangilari ancha afzal. O’zingiz ko’rganingizdek, shundan so’ng juda ko’p jahon rekordlari o’rnatildi”, - deydi u.

Natijada suzish bo’yicha xalqaro qo’mita bunday kiyimlardan foydalanishni taqiqlab qo’ydi. Oqibatda, Keyn ta’biri bilan aytganda, “texnologik doping” atrofida bahslar avj oldi.

“Agar texnologiya asosiy rol o’ynasa yoki faqat boy mamlakatlar sportchilari foydalana oladigan texnologiyalar natijaga ta’sir qilsa, musobaqa adolatlimi, degan savol tug’ilishi aniq”, - deydi professor.

Keynning aytishicha, London Olimpiadasi yangi texnologiyalar qo’llanilishi jihatidan Pekin o’yinlaridan farq qiladi. Asosiy urg’u sport qurollari yoki sportchilar formasiga emas, balki mashqlar va tayyorgarlikka beriladi.

“Trener va sportchilar o’rtasidagi aloqa, mashq qilish uslublari mukammallashtirildi. Simsiz ishlaydigan texnologiyalar yordamida sportchilar o’z jamoalari va trenerlari bilan muloqot qilib turadi. Bu osonlashdi. Mashqdan keyin sportchilar yaxshiroq dam olib, organizmni tezroq tiklash imkoniga ega bo’ladi. Sportchilar oziq-ovqatiga ham, nima yeb-ichishiga ham katta e’tibor berilyapti”, - deydi mutaxassis.

Londonda eng mukammal texnologiyadan foydalanganlar emas, aslida tayyorgarligi eng yaxshi bo’lgan sportchilar g’alaba qozonishi kerak, deydi professor Keyn.

Uning fikricha, kelajakda asosiy vazifa texnologiyalar va an’anaviy sport o’rtasidagi muvozanatni saqlab qolishdan iborat bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG