Pokiston Hindiston-Afg'oniston savdo hamkorligiga qarshi emas

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston-Pokiston chegarasi

Afg'oniston-Pokiston chegarasi

Pokiston rasmiylarining aytishicha, Islomobod Afg'oniston bilan tuziladigan savdo va tranzit kelishuviga Hindistonning qo'shilishiga qarshi emas. Bu haqda Nyu-Dehli rasmiy murojaat bilan chiqsa bas, deydi mamlakat rasmiylari.

Pokiston va Afg'oniston o'rtasida 2400 kilometrli chegara mavjud. Ikki mamlakatdagi terrorizm va qashshoqlik muammolarini yo'q qilishda qo'shnilar o'rtasida aloqalarning ziddiyatlardan xoli bo'lishi muhim.

So'nggi oylarda tomonlar bu borada muhim qadamlarni tashladi. Ikki tomonlama yuqori martabali rasmiylar uchrashuvlari harbiy va siyosiy jabhalarda davom etmoqda.

Shu hafta Pokiston Savdo vaziri Xurram Dastgir Xon Kobulga tashrif buyurib, iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish masalasida muzokara olib bordi.

Xonning aytishicha, ikki kunlik muloqotda Afg'oniston-Pokiston tranzit savdo kelishuviga oid Kobul bildirgan shikoyatlar ko'rib chiqilgan.

Ilgari afg'on yuk mashinalari Hindistonga atalgan tovarlarni faqat Pokiston chegarasigacha tashir, undan keyin ularni manzilga Pokiston yuk mashinalari eltar edi. Bundan buyon afg'onlar nafaqat yuklarini Hindiston chegarasigacha olib bora oladi, balki u yerdan qaytishda Afg'onistonga ham yuk keltirishlari mumkin, deydi Pokiston savdo vaziri.

O'zaro kelishmovchiliklarni ro'kach qilib, Islomobod Hindiston yuk mashinalarining Pokiston orqali Afg'onistonga yuk tashishiga ruxsat bermaydi.

Yangi savdo bitimiga ko'ra, Pokiston o'z mahsulotlarini Afg'oniston orqali Osiyoning boshqa mamlakatlariga ham chiqarishi mumkin.

Pokiston delegatsiyasi tashrif buyurishidan bir kun oldin Kobuldagi Hindiston elchixonasi Afg'oniston hukumatiga rasmiy xat bilan chiqib, Nyu-Dehli ham Pokiston bilan tuzilayotgan savdo bitimiga qo'shilish niyatida ekanini bildirgan.

Afg'oniston Tashqi ishlar vazirligi Hindistonning kelishuvga qo'shilishiga qarshi emasligini bildirgan. Pokiston ham Hindistonning ishtirok etishi mumkinligini, ammo bitimning hozirgi ko'rinishi ikki tomonlama bo'lgani bois uchinchi bir davlatni qo'shish jarayonini keyinroq boshlash lozimligini ta'kidlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG