"Vashington Post": Pentagon josuslik faoliyatini kuchaytirmoqchi

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta

“Vashington Post” gazetasida chop etilgan maqolaga ko’ra, AQSh Mudofaa vazirligi razvedka xizmatini kuchaytirishga kirishdi. Pentagondagi manbalarning gazetaga ma’lum qilishicha, josuslar tarmog’i Markaziy razvedka boshqarmasi (Central Intelligence Agency) darajasigacha kengaytiriladi.

Vazirlik qoshidagi razvedka boshqarmasi (Defence Intelligence Agency) yangi tahdidlar haqida ogohlantirish va ularning oldini olish maqsadida Markaziy razvedka boshqarmasi va maxsus harbiy qismlar bilan hamkorlikni kuchaytiradi.

Gazetada aytilishicha, Mudofaa razvedka boshqarmasi jahon bo’ylab ma'lumot to'plovchilari sonini 1600 gacha ko’paytirishi kutilmoqda. Bunga elchixonalarda ishlayotgan harbiy maslahatchilar va maxfiy ish olib bormayotgan agentlar ham kiradi. Shu kungacha ularning soni mingdan oshmagan edi.

Reja besh yilga mo’ljallangan, deya xabar beradi “Vashington Post”. Agentlar Markaziy razvedka boshqarmasi tomonidan tayyorlanadi, ammo vazifalarini Mudofaa vazirligining razvedka agentligidan oladi.

Pentagonga ko’ra, razvedka xizmati, asosan, Afrikadagi islomiy jangari guruhlar, Shimoliy Koreya va Eron qurol savdolari hamda Xitoy harbiy yuksalishiga doir ma’lumotlar to’playdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG