Breaking News

Rohinja isyonchilari bir oylik sulhga chaqirmoqda


Bangladeshga qochgan rohinjalik musulmonlarga oziq-ovqat tarqatilmoqda
Bangladeshga qochgan rohinjalik musulmonlarga oziq-ovqat tarqatilmoqda

Myanmadagi (sobiq Birma) rohinja isyonchilari mojaroda zarar ko'rgan odamlarga gumanitar yordam yetkazishga imkon berish uchun bir oylik sulhga chaqirmoqda.

O'zlarini "Arakan Rohinja ozodlik armiyasi" (AROA) jangchilari deb atayotgan guruh o'tgan oy o'nlab politsiya postlari hamda harbiy bazaga hujum qilganidan so'ng Myanma xavfsizlik kuchlari ularga qarshi Rakxayn shtatida harbiy amaliyot boshladi. O'shandan beri 300 mingdan ziyod aholi uyini tark etishga majbur bo'ldi.

Guruhning 9-sentabr kuni bayonot qilishicha, insonparvarlik tashkilotlari sulh mobaynida gumanitar inqirozdan azob chekayotgan barcha odamlarga yordam ko'rsatishda davom etishi kerak, millati va dinidan qat'i nazar.

Inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanuvchi Xalqaro Amnistiya tashkiloti Myanma hukumatini qo'shni Bangladeshga qochayotgan odamlar o'tayotgan yo'llarga ataylab yer minalarini qo'yayotganlikda aybladi.

Unga ko'ra, bugun ikkita mina portlab, bir yosh yigitni oyog'idan ayirgan.

AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeylining aytishicha, Qo'shma Shtatlar Myanma shimoli-g'arbidagi Rakxayn shtatida zo'ravonlikka qarshi amaliyotni olqishlaydi, ammo gumanitar yordamga qo'yilayotgan to'siqlarga qarshi.

AQSh davlat kotbining Janubi-sharqiy Osiyo masalalari bo'yicha yordamchisi o'rinbosari Patrik Myorfining muxbirlarga bildirishicha, avgust oyidan beri Bangladeshga 200 mingdan oshiq odam o'tgan, biroq ichki qochqinlar soni aniq emas.

Isyonchilar va hukumat kuchlari to'qnashuvida kamida 400 odam nobud bo'lgan. BMT hisobiga ko'ra, yaqin kunlarda yana 164 ming kishi Bangladeshga borishi kutilmoqda.

BMTning Oziq-ovqat dasturi o'n minglab odamlarni yegulik bilan ta'minladi. Yordam barchaga yetishi uchun agentlik 11,3 million dollar kerak, demoqda.

Inson huquqlari uchun kurashib 1990-yilda Saxarov mukofotiga, 1991-yilda esa Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo'lgan, endilikda esa davlatni boshqarayotgan Au San Su Chi rohinja musulmonlariga qarshi zo'ravonliklarga sust munosabati uchun tanqid qilinmoqda.

Uning o'zini oqlashicha, Rakxayndagi vaziyat yuzasidan ko'plab yolg'on ma'lumotlar tarqatilmoqda. Au San Su Chi idorasi bayonotiga ko'ra, rohinja musulmonlarining jasadlari tasvirlangan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan suratlarning hozirgi inqirozga aloqasi yo'qligi isbotlangan.

"Terrorchilar manfaatlarini olg'a surish uchun soxta axborot ishga solinmoqda", - deydi u.

1999-yildan 2022-yilgacha AQShning Myanmadagi elchixonasini boshqargan Prisilla Klappning aytishicha, Au San Su Chiga qarshi tanqidlarning aksariyati asossiz.

“Uning hokimiyati cheklangan. Xavfsizlik harbiylar qo'lida, hukumat idorasidagilarning aksariyati eski kadrlar", - deydi AQSh Tinchlik instituti va Osiyo jamiyatida maslahatchi bo'lib ishlayotgan sobiq diplomat.

Klapp AROA jangchilarini terrorchi deb ataydi.

Inson huquqlari tashkilotlari Myanma hukumatidan zo'ravonliklarni to'xtatishni talab qilmoqda.

“Dunyo hukumatlari Au San Su Chi va Birma armiyasidan zo'ravonliklarni bas qilishni so'rashi lozim", - deydi "Xyuman Rayts Uotch" (Human Rights Watch) tashkilotining Osiyo bo'yicha direktori o'rinbosari Fil Robertson "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Unga ko'ra, hududdagi vaziyatni xolis baholash uchun xalqaro kuzatuvchilarga u yerga borishga ruxsat berish kerak. Robertson AQSh va xalqaro hamjamiyatdan qochqinlarga gumanitar va tibbiy yordamni oshirishni so'ramoqda.

“Tramp ma'muriyatidan hozircha u yerdagi vaziyat xususida ko'p gap eshitmadik. Myanmada yirik gumanitar inqiroz ro'y beryapti", - deydi Human Rights Watch vakili.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG