Rossiya Kiyevdagi Yevrovideniye-17 tanlovida qatnashmaydi

  • Amerika Ovozi

Rossiyalik xonanda Yuliya Samoylova. 27 yoshli ijodkor kolyaskada yuradi.

Kelayotgan may oyida Ukraina poytaxti Kiyevda xalqaro qo'shiq tanlovi - Yevrovideniye-2017 o'tadi. Rossiyadan bu musobaqada hech kim qatnashmaydi. 28 yoshli xonanda, kolyaskada yuradigan Yuliya Samoylova Ukrainaga kiritilmaydi. Moskva bundan g'azabda. Konkurs 9, 11 va 13 may kunlariga rejalangan. 42 davlat vakili ishtirok etadi. G'olib uchun xalqaro shuhrat tomon yo'l ochiladi.

Samoylova 2015-yilda Qrimda sahnaga chiqqan. Ukraina esa Qrimni o'z hududi deb biladi va Rossiyani uni bosib olganlikda ayblaydi. Qrimga borish uchun Samoylova Ukrainadan ruxsat olmagan. Bu degani, xonanda, Ukraina suverenitetini tan olmaydi va bu davlatni hurmat qilmaydi.

Rossiyaning 1-kanali, hukumat nazoratidagi axborot vositasi, Yevrovideniye-2017 tanlovini efirga uzatishdan bosh tortgan. Tadbir tashkilotchilari Samoylovaga konkursda video va internet orqali qatnashishni taklif qilgan.

1-kanal Ukrainani Rossiya artistini kamsitganlikda ayblamoqda.

Yuliya Samoylova 2014-yilda Qrimda qo'shiq ijro etgan, Qishki paralimpiya o'yinlari ochilish marosimida

Yuliya Samoylova 2014-yilda Qrimda qo'shiq ijro etgan, Qishki paralimpiya o'yinlari ochilish marosimida

Kiyev Samoylovaga eshik yopiq ekanini mart oyida e'lon qilgan edi. Kreml nazarida bu qabih siyosat.

"Qrimga hamma boradi. Bormagan odam juda kam", - deydi Dmitriy Peskov, Kreml matbuot kotibi.

Peskov izohicha, Ukraina alamda va juda zaif tuzum. Aks holda, deydi u, nogiron ijodkorni man etmagan bo'lar edi.

Samoylovani 1-kanal nomzod sifatida ko'rsatgan. Yevrovideniyeda qatnashish masalasini ular hal qiladi, deydi Peskov.

Ukrain siyosatdoni Mixail Bassarab:

"Samoylova Ukraina qonunlarini buzgan. Shunday ekan, uni mamlakatga kirita olmaymiz. Qonun bu qonun, hammaga bir. Bu aynan unga qarshi qaratilgan emas. Boshqalar ham kira olmaydi, agar qonunni buzgan bo'lsa. Samoylova uchun istisno qilinmaydi".

Yana bir ukrain eksperti Yaroslav Makitra:

"Siyosat yoki shou-biznes? Siyosat bo'lsa, demak, Yevrovideniye tanloviga mezbonlik qilmasligimiz kerak. Lekin agar Ukrianani targ'ib qilmoqchi bo'lsak, unda hamma uchun eshik ochiq bo'lsin, hatto ruslar uchun ham. Qonuniy yo'lini topishimiz kerak".

Aks holda, deydi Makitra, Yevrovideniye siyosiy o'yinga aylanadi.

Samoylova 2013-yilda Rossiyada X Factor tanlovida yutgan.

Xonanda siyosatdan uzoqda ekanini aytadi. Kiyev ruxsat bersa, jon deb qatnashishga shay.

"Qo'shiqchiman. Ashula aytish - kasbim. Imkon berishsa, Rossiyaning nomidan sahnaga chiqaman", - deydi Samoylova.

Frank Dieter Freiling - Yevrovideniye tashkiliy qo'mitasi raisi. Ukraina Samoylovani kiritmay tashkilot etikasini buzmoqda, uning tamoyillariga qarshi ish tutmoqda, deydi Freiling. Kiyev jim.

Tanlovga tayyorgarlik avjida. Oxirgi marta Rossiya Yevrovideniyeni 2008-yilda yutgan. Dima Bilan o'shanda ulkan shuhrat qozongan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG