Breaking News

Rossiyadan olib qo'yilgan ikkita dala hovli hanuz bahs mavzusi


Rossiya AQShdan dala hovlilarni qaytarib berishni so'ramoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:16 0:00

Kremlning ogohlantirishicha, o'tgan yil oxirida Obama ma'muriyati buyrug'i bilan olib qo'yilgan ikkita bino Rossiyaga qaytarilmasa, Amerikaga qarshi munosib javob choralari ko'riladi. Prezident Barak Obama Kremlni prezident saylovlariga aralashganlikda ayblab, o'shanda 35 rus diplomatini ham mamlakatdan haydab chiqargan edi. Moskva Tramp ma'muriyatidan bu dala hovlilarni qaytarib berishni so'ramoqda.

Merilend va Nyu-York shtatlaridagi ikkita mol-mulk Moskva va Vashington o'rtasidagi so'nggi bahs mavzusi. Rossiyaga ko'ra, bu dachalardan faqat dam olish maqsadlarida foydalanilgan. AQSh rasmiylari esa ular razvedka uchun ishlatilganini aytmoqda.

Davlat departamenti so'zlovchisi Xezer Noyert bu masalada muzokaralar qanday ketayotganiga oid savollarga javob berishni istamadi.

"Maqsadlarimizdan bittasi AQSh va Rossiyani o'zaro yaxshi, qat'iy aloqalar o'rnatadigan nuqtaga olib borish, toki biz o'zaro manfaatli masalalarda birga ishlay olaylik", - dedi u.

Rossiya javob choralarini ko'rishi haqida ogohlantirgan.

"Bu standart sovet va rus diplomatiyasidagi an'ana. Agar biz ularning josuslarini ushlab, haydasak, ular shuncha Amerika diplomatlarini haydaydi. Hech qachon ayblarini tan olishmaydi. Ularning qilmishlariga qarshi biror qadam qo'ysak, doim qarshi chora ko'rishadi. Ularning ishlash uslubi shunaqa", - deydi mintaqada elchilik qilgan AQSh diplomati Jon Xyorbst.

Rossiya qanday choralarga qo'l urishi mumkin?

"Rossiyada ham bizning dachalarimiz bor, kamida bitta. Shuni olib qo'yishlari mumkin. Obama bu ishlarni qilganda, ular elchixonamiz bolalari o'qiydigan maktabni yopib qo'yishadi, degan qarash bor edi. Bu juda ahmoqona ish bo'lardi. Agar shunday qilishganda, biz keskin munosabat bildirishimizni kutish mumkin", - deydi Xyorbst.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri muovini Sergey Ryabkov 17-iyul kuni Vashingtonda AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Tomas Shannon bilan uchrashdi. Rossiyadan olib qo'yilgan mulk taqdiri gaplashilgan bo'lishi mumkin, ammo aniq ma'lumot mavjud emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG