Breaking News

Savitskiy muzeyining ishdan olingan rahbari adolat va vijdon g'alaba qiladi degan umidda


Marinika Babanazarova Savitskiy muzeyini 1984-yildan beri boshqarib kelar edi
Marinika Babanazarova Savitskiy muzeyini 1984-yildan beri boshqarib kelar edi

Nukusdagi mashhur dargoh, Qoraqalpoq san'at muzeyi direktori Marinika Babanazarova ishdan olingani omma orasida keskin norozilik uyg’otdi. Siyosiy bosim sabab chetga chiqib ketgan yozuvchi Safar Bekjon fikricha, O’zbekiston muzeylaridagi bebaho asarlarni o’zlashtirgan Gulnora Karimova Savitskiy kolleksiyasidagi durdonalarga ham ko’z tikkach, Babanazarova kuchli bosimi ostida qolgan edi. To’plamdagi ayrim asarlarning asl nusxasi Gulnora Karimovaning Shveytsariyadagi uyidan topilgani iddao qilinmoqda. Yana bir faol Farida Sharifullina esa hukumatni masalaga oydinlik kiritishga chaqirmoqda.

Savitskiy muzeyining ishdan olingan rahbari: adolat va aql g'alaba qilishi kerak
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:16 0:00

Marinika Babanazarovaning kutilmaganda lavozimdan chetlatilishi jamoatchilik orasida qizg’in muhokamada, asosan ijtimoiy tarmoqlarda. Rasmiylar esa bu voqea yuzasidan hamon izoh bermadi.

Qoraqalpog’iston muxtoriyati va O’zbekiston madaniyat vazirliklari sukutda. Babanazarovaga jamoatchilik bilan aloqaga chiqmaslik buyurilgan.

Dunyoga mashhur muzeyning minglab muxlislari vaziyatdan sarosimada. Ko’pchilik muzeydagi nodir asarlarni 30 yildan oshiq asrab-avaylab kelgan fidoyi rahbar o’z lavozimiga qaytarilishiga umid qilmoqda.

Shveytsariyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan o’zbek adibi Safar Bekjon nazarida gap Babanazarova va prezident qizi Gulnora Karimova o’rtasida kechgan ziddiyatlarga borib taqalsa ajabmas.

Savitskiy kolleksiyasi dunyodagi eng noyob durdonalardan biri. Global maydonda tillarda doston.
Savitskiy kolleksiyasi dunyodagi eng noyob durdonalardan biri. Global maydonda tillarda doston.

“Gulnora Karimova rahbarligidagi Fond forumning ko’rgazmalari bo’lar edi. Chet ellarda o’tkaziladigan bu ko’rgazmalarda san’at asarlari namoyish qilinardi. Bu [tadbirlar] akademiyaning raisi Akmal Nur bilan hamkorlikda o’tkazilardi. Savitskiy muzeyidagi asarlarni ham ko’rgazmaga olib chiqish masalasi ko’rilgan, buning uchun Akmal Nur Nukusga borgan, lekin Babanazarova bunga ko’nmagan. Keyin Gulnora Karimovaning o’zi shaxsan Nukusga uchib boradi, muzeyga kirib janjal ko’taradi, Babanazarovani haqoratlaydi. Buni hamma ko’rgan, biladi. Karimovaga ham asarlarni bermagan. Keyin Babanazarovani Madaniyat vazirligiga chaqirishgan. O’sha paytda akademiyaning odamlari, ekspertlari xohlagan asarlarini olib chiqib ketishgan. Ammo Babanazarova bundan xabardor bo’lganmi, yo’qmi; bu asarlar qanday qaytarilgan, qanday qabul qilib olingan, bu narsa noma’lum”, - deydi yozuvchi.

Safar Bekjon O’zbekistonda tegishli bo’lgan san’at asarlarini xorijga chiqishi masalasini azaldan o’rganib keladi. Birmuncha avval Gulnora Karimovaning Shveytsariyada qarovsiz qolgan uyini ishg’ol qilgan Safar Bekjon u yerdan O’zbekiston muzeylaridan o’marilgan o’nlab nodir asarlarni topgan edi.

Nikolay Karaxan 1938-yilda chizgan bu asar "Gazeta o'qib..." deb nomlanadi (Savitskiy kolleksiyasidan)
Nikolay Karaxan 1938-yilda chizgan bu asar "Gazeta o'qib..." deb nomlanadi (Savitskiy kolleksiyasidan)

Bekjonning hikoya qilishicha, qudratda ekanligi paytida mamlakatdagi barcha muzeylar ustidan nazorat o’rnatgan Gulnora Karimova faqat Nukusda Savitskiy kolleksiyasi rahbari Marinika Babanazarova tomonidan jiddiy qarshilikka uchragan.

“Babanazarova lavozimiga qaytarilishi kerak. O’sha yerda rahbar sifatida turishi kerak. Ikkinchidan, u prezident qiziga qarshi tura oladigan qudratdagi ayol emas edi, baribir qo’rqar edi. Prezidentning qizi shaxsan kelib to’polon qilganida, chiq bu yerdan men senga birorta asar bermayman deyishi qiyin edi. U shunday deb aytmoqchi edi, lekin bu nima bilan tugadi, mana shunisi muhim. Shuning uchun ham u rahbarlikka qaytarilishi kerak. Gulnora Karimova necha asar olgan, bu asarlarning orginallarini qaytarganmi, yo’qmi? Hozirgi turganlari o’sha asarlarning orginallarimi, yo’qmi? O’g’irlangan asarlarni topgan yozuvchi sifatida bunday savol qo’yishga haqqim bor. Men topgan asarlarning uchtasi Nukusdagi muzeyga oid”, - deydi Bekjon.

Boshqa taxminlarga ko’ra, Babanazarovaning ishdan olinishi Savitskiy kolleksiyasining 100 yilligini nishonlash qarori bilan bog’liq. Hukumat mablag’ yo’qligini ro’kach qilgan, Babanazarova esa homiylar yordamida muzey yubileyini o’tkazish harakatini boshlagan.

Marinika Babanazarova "Facebook" tarmog'ida 26-avgust kuni masalaga o'z munosabatini bildirdi
Marinika Babanazarova "Facebook" tarmog'ida 26-avgust kuni masalaga o'z munosabatini bildirdi

Savitskiy muzeyini yaqin kelajakda nimalar kutmoqda? Muzey taqdiri yuzasidan xavotir kuchaygan. Babanazarova “Facebook” tarmog’ida do’stlari va ommaga qoldirgan bayonotida quvvatlov va ezgu tilaklar uchun minnatdorchilik bildiradi va masala ijobiy yakun topadi degan umidda. Oqillik va adolat, mas’uliyat va haqqoniylik g’alaba qilishi kerak, deya yozadi Babanazarova, ayrim rahbarlarni o’z foydalari uchun harakat qilayotganlikda ayblar ekan.

Qoraqalpog’iston madaniyat vazirligi qaroridan norozi muzey jamoasi yordam so’rab O’zbekiston Madaniyat va sport vazirligiga murojaat bilan chiqqan.

Bu murojaat hamon javobsiz. Nafaqat Savitskiy muzeyi jamoasi, balki mashhur muzeyning minglab muxlislari ham rasmiylarni adolatli qaror qilishga undamoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Babanazarovani qo’llovchilar soni shiddat bilan ko’payib, turli davlatlardan kolleksiya shaydolari vaziyatga oydinlik kiritilishini kutmoqda.

Babanazarovani iqtidorli va vijdonli rahbar deb biladigan faollardan biri Farida Sharifullina sovet avangard rassomchilik maktabining ulkan xazinasi yig’ilgan Savitskiy muzeyini dunyo madaniyatining muhim yutug’i deya e’tirof etadi.

Nikolay Karaxan 1932-yilda chizgan bu asar "Yo'l qurilishi" deb ataladi (Savitskiy kolleksiyasidan)
Nikolay Karaxan 1932-yilda chizgan bu asar "Yo'l qurilishi" deb ataladi (Savitskiy kolleksiyasidan)

“Bu nodir muzeyning O’zbekistonda saqlab qolinganining o’zi katta yutuq. Muzey tarixi ko’pchilikka ma’lum. Sovet avangard rassomchilik maktabiga tegishli eksponatlar bo’yicha dunyoda ikkinchi o’rinni band etadi. Shuning uchun ham hozir muzey atrofida yuzaga kelgan vaziyat o’ta xavotirli. Biz Marinika Babanazarovani o’ta fidoyi, sadoqatli inson sifatida bilamiz. Uning ishdan olinishidan hamma taajjubda. Madaniyat vazirligi bu borada izoh berishi kerak. Muzey taqdiriga befarq bo’lmagan butun dunyodagi muxlislar shuni kutib turishibdi. Bu sukut O’zbekiston mavqei haqida noto’g’ri tasavvurlar paydo qilishi mumkin”, - deydi Farida Sharifullina.

Marinika Babanazarovaning ishdan olinishi norozilikka sabab bo’lganini odatda rasmiy qarorlarni muhokama qilmaydigan O’zbekiston matbuoti ham chetlab o’tmagan. Qator nashrlar Savitskiy muzeyi jamoasi Babanazarovaning direktorlikdan olinishidan noroziligi haqida xabar bergan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG