Musulmonlar Orlandodagi hujumni qoraladi

  • Amerika Ovozi

Florida shtati, Orlando shahrida tungi klubdagi qatliom ketidan mamlakat musulmonlari jabrlanganlarga yordamga oshiqmoqda. AQSh tarixidagi eng qonli voqealardan deya ta'riflanayotgan otishma kamida 50 odamni hayotdan olib ketdi.

Vashington yaqinidagi "Make Space" islomiy markazi nazarida begunoh insonlarni qatl etish qo'rqoqning ishi va har bir musulmon, har bir inson bu qabihlikni qoralaydi.

Amerika-Islom aloqalari kengashining Florida qanoti bu borada bayonot berdi.

"Mazkur vahshiyona amalni qoralaymiz va jabrlanganlar, marhumlar oilalariga samimiy ta'ziyamizni izhor etamiz. Bu qabih jinoyatni oqlashga urinayotgan har qanday guruhni biz, Amerika musulmonlari mutlaqo rad etamiz", - deyiladi unda.

Orlandodagi Islomiy markaz imomi Tariq Rashidning aytishicha, biror diniy qadriyat, biror e'tiqod bu shafqatsiz, ma'nosiz zo'ravonlikni asoslay olmaydi.

Amerika jamiyatining ajralmas qismi sifatida yurtimizga qo'rquv va vahima urug'ini sochishga urinayotgan har qanday kuchga qarshi turib bera olamiz, deyiladi Florida Islomiy jamiyati izhorida.

Vashingtondagi Amerika-Islom aloqalari kengashi rahbari Nihad Avad so'zlariga ko'ra, hujum nafratga asoslangan jinoyatdan boshqa narsa emas. Kengash a'zolari gomoseksual insonlarning haqlari va manfaatlarini hurmat qiladi; ekstremizmning maqsadi esa jamiyatni bo'lib tashlashdir, deydi u.

"Musulmonlar sifatida, amerikaliklar sifatida nafratga berilmaymiz, qo'rquvga bo'yin egmaymiz", - deydi Avad.

Orlandodagi tungi klubda qotillikni sodir etgan shaxs "Islomiy davlat"ni quvvatlashini da'vo qilgan edi.

Nihad Avad ana shunday qonxo'r guruhlarga qarata deydiki: "Yaratganning oldida turib, begunoh insonlarning, minglab musulmon, nasroniy va boshqa e'tiqod-elatlarning o'limini qanday qilib himoya qilmoqchisiz? Siz bizga yotsiz, bizning sizga mutlaqo aloqamiz yo'q. Siz biz uchun yo'qsiz", - deydi u.

Jinsiy va gender tengligi uchun musulmon jamiyati gomoseksual musulmonlarni ham himoya qilib keladi. Bu kabi nafratomuz amallarni qalbimizga kiritishga, oramizga nifoq solishiga yo'l qo'ymaymiz, deyiladi jamiyat bayonotida.

Musulmon jamiyatlari otishmada jabr ko'rganlar uchun donor qoni jamg'arishga kirishgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG