Bo'ron Amerikaga 3 milliard dollar ziyon keltirdi

  • Amerika Ovozi

Amerikaning sharqiy shtatlari kuchli qor bo’roni asoratlarini tozalash bilan band. Uch kun tinimsiz yog’gan qor iqtisodiyotga anchayin salbiy ta’sir qildi, bizneslar ziyon ko’rdi. Lekin ahvol bundan ham og’ir bo’lishi mumkin edi.

AQShning sharqiy shtatlari o’tgan dam olish kunlari qalin qorga burkandi.

Minglab bizneslar yopilib, odamlar ishga chiqmadi. Nyu-York shahriga birinchi bor safar qilgan mana bu sayyoh to’rt devorning ichida qoldi.

“Magazinlarni aylanmoqchi edim, lekin hamma yoq yopiq edi. Oppoq qordan boshqa narsa yo’q. Taksilar qayoqda?” - deydi u.

Dastlabki hisoblarga ko’ra, bo’ron Amerika iqtisodiyotiga uch milliard dollar ziyon qildi. Planalytics tahlil firmasi nazarida eng ko’p daromadidan ayrilgan – do’konlar edi.

Firma prezidenti Skott Bernxardtning aytishicha, qor bois ko’plar biznes safarlarini bekor qildi, xarid qilish rejalari puchga chiqdi. Ko’pi qoplab bo’lmas yo’qotish.

“Restoranda ovqatlanish bir misol. Shanba kuni restoranga bora olmagan odam yakshanba kuni restoranga borib, ikki kunlik ovqatni yemaydi-ku, to’g’rimi? Savdo ziyon qildi-da”, - deydi u.

Vashingtondagi “Wall Street Deli” kafesida tushlik paytida yana odam gavjum. Kafe sohibasi Joan uch kunlik daromadidan ayrilganini aytadi.

“Xodimlarim ishga chiqa olmaganidan norozi. Ular uyga to’lashi kerak, boshqa xarajatlari bor. Uch kunlik pulini yo’qotdi-da ular”, - deydi Joan.

Hasan Reza bo’ron tugagani zahoti restoranini qayta ochdi. Lekin atrofdagi hukumat binolari yopiq bo’lgani uchun odam ham kam keldi, deya shikoyat qiladi u.

“Dushanba kuni ochiq edik. Ammo bitta-ikkita mijoz keldi, xolos”, - deydi Hasan.

Mutaxassislar esa ahvol bundan ham og’ir bo’lishi mumkin edi, deydi. Hozirning o’zida yengil nafas olishga hali erta, deydi Skott Bernxardt:

“Qish hozir… Fevral va mart bor hali. Shunday ekan, qorlar hali oldinda. Bo’ronlar hafta o’rtasiga to’g’ri kelmasin, deb duo qiling”.

Uning aytishicha, qor bo’roni ish kunida ro’y bergan taqdirda iqtisodiyotga keltirilgan zarar 10 milliard dollarga chiqishi aniq edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG