Breaking News

Tadqiqot: Xorijlik talabalar uchun ishlash dasturi kengaymoqda


Nyu-York shahridagi Bruklin kolleji talabalari
Nyu-York shahridagi Bruklin kolleji talabalari

Yangi hisobotga ko'ra, xorijlik talabalarga o'qishdan so'ng AQShda bir yil ishlash huquqini beruvchi dastur so'nggi yillarda kengayib bormoqda.

OPT (Ixtiyoriy Amaliyot Treningi) deb nomlanuvchi dastur Amerika kollej va universitetlarida o'qigan chet el fuqarolariga mo'ljallangan. U orqali chet ellik talabalar mamlakatda qolib, ishlashni davom ettirishlari mumkin.

Vashingtonda joylashgan "Pyu" tadqiqot markazining aniqlashicha, ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika yo'nalishida o'qigan xorijliklar soni 2008-2016-yillar orasida 400 foizga oshgan.

OPT dasturini qo'lga kiritgan xorijlik talaba o'qishni tamomlagandan so'ng AQShda bir yil qolib ishlashi mumki. 2016-yil aniq fanlar sohasida o'qiganlarga asosiy bir yilga qo'shimcha yana ikki yil qolib ishlashga ruxsat berildi.

2016-yil 172 ming xorijlik OPT orqali ishga kirgan. 2008-yil ular soni 45 ming bo'lgan. 2014-yil esa 73 mingga chiqgan.

OPT orqali ishga qolganlarning yarmidan ko'pi aniq fanlarga tegishli.

2004-yildan 2016-yilgacha OPT asosida ishga olinganlarning 74 foizini osiyoliklar tashkil etgan. Ularning asosiy qismi Hindiston, Xitoy va Janubiy Koreyadan. Yevropaliklar esa jami qatnashchilarning sakkiz foizini tashkil etadi.

Xorijliklar AQShda ishlashi uchun imkoniyat beruvchi yana bir dastur H-1B vizasi deb nomlanadi. Uni qo'lga kiritganlar AQShda olti yilgacha qolib ishlashlari mumkin. Bu muddat tugagach, ular AQShni tark etishi kerak yoki mamlakatda doimiy yashash huquqini beruvchi grin kartani qo'lga kiritishi lozim. Ko'pchilik OPT dasturidan so'ng H-1B vizasini qo'lga kiritishga harakat qiladi.

H-1B vizasi AQShda ishchi topish qiyin bo'lgan, "maxsus bilim" talab qilinadigan sohalar uchun chet ellik mutaxassislarni yollashga ruxsat beradi.

AQShda o'qiyotgan xorijlik talabalar sonining oshgani ham OPT ishtirokchilari miqdorining ko'payishiga hissa qo'shmoqda.

AQSh dunyoda eng ko'p xorijlik talabaga ega davlat.

Hukumatning immigratsiya siyosati

2016-yilgi prezident saylovidan so'ng AQShda oqiyotgan xorijliklar sonida kamayish kuzatildi. Xalqaro Ta'lim instituti e'lon qilgan raqamlarga ko'ra, 2017-2018-o'quv yiliga qabul qilingan chet ellik talabalar soni yetti foizga ozaygan.

Institut rasmiylarining aytishicha, bunga AQSh hukumatining immigratsiyaga qarshi olib borayotgan siyosati aybdor. Bundan tashqari, Kanada, Avsraliya va Britaniya oliygohlari tomonidan raqobatning kuchayayotgani ham buning sabablaridan biri.

AQSh hukumati H-1B va F-1 vizalariga o'zgartirish kiritilishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Maqsad amerikalik ishchilarni himoya qilish, deydi rasmiylar.

Chet ellik talabalar iqtisodiyot uchun ham foydali. Xalqaro ta'limchilar assotsiatsiyasi hisob-kitobiga ko'ra, 2016-2017-o'quv yilida xorijlik talabalar AQSh iqtisodiyotiga 37 milliard dollar mablag' qo'shgan va 450 ming qo'shimcha ishchi o'rni yaratgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG