Suriyalik kurdlar mamlakatda federal muxtoriyat e’lon qildi

  • Amerika Ovozi

Suriyaliklar kurdlar Kobani shahrida

Suriyaliklar kurdlar Kobani shahrida

Suriyalik kurdlar o’z nazoratidagi shimoliy hududlarni federal muxtoriyat deb e’lon qildi. Mintaqa hukumatida barcha etnik va diniy guruhlarga, jumladan arab va turkmanlarga joy topiladi, deydi kurd yetakchilari.

Jazira, Kobani va Afrina kurd regionlaridan deputatlar Rmeylan shahrida majlis qilib, federatsiya tuzish haqidagi deklaratsiyani ma'qulladi. Kurd qurolli kuchlari Turkiya chegarasida “Islomiy davlat”ni mag’lubiyatga uchratganidan so’ng nufuz va qudrat qozondi.

Suriyaning BMTdagi elchisi Bashar Jafariy muxbirlar bilan suhbatda buni Suriya xalqini bo’lib qo’yishga qaratilgan harakat sifatida baholab, kurdlarning bu rejasini qo’llab-quvvatlamasligini aytdi.

"Bunday bayonotlar qonuniy kuchga ega emas", - deydi hukumat.

Kurdlarning bu tashabbusiga qo’shni Turkiya ham qarshi chiqdi. Anqara yillar davomida muxtoriyat uchun kurashib kelayotgan Kurdiston ischilar partiyasi bilan olishib keladi, uni terrorchi tashkilot deb tan olgan.

Turkiya hukumati kurdlarning kuchayishiga, huquqiy tuzilma sifatida uyushishiga yo’l bermasligini bildirib keladi va kerak bo’lsa, buning oldini olish uchun harbiy kuch ishlatishga ham tayyor.

AQSh Davlat departamenti bayonot chiqarib, mustaqil boshqaruvga ega yarim avtonom hududlarni tan olmasligini, Suriya hududiy daxlsizligini qo’llab-quvvatlashini bildirdi.

Bayrutdagi Amerika universitetida siyosiyatshunoslik bo’yicha professor Hilol Hashanning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, muxtoriyatning e’lon qilinishi turk-kurd mojarosini yanada avj oldiradi.

"Anqaraning qahrini keltiradigan ish bu va Turkiya chora ko’rishga majbur bo’ladi. Bu esa Suriyadagi vaziyatni yanada og’irlashtiradi”, - deydi olim.

Anqara suriyalik kurdlarni Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqadorlikda ayblab keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG