Suriya muxolifati muvaqqat bosh vazirni tanladi

  • Amerika Ovozi

Xasan Hitto, Suriya muxolifatining muvaqqat bosh vaziri

Xasan Hitto, Suriya muxolifatining muvaqqat bosh vaziri

Muxolifatdagi Suriya milliy koalitsiyasi Turkiyada majlis qilib, muvaqqat bosh vazirni tayinlagan. AQShda o’qib, ko’p yil yashagan sobiq tadbirkor Xasan Hittoning vazifasi isyonchilar nazorati ostidagi hududlarni boshqarishdan iborat bo’ladi.

Hitto uchun koalitsiya boshqaruv kengashining 48 a’zosidan 35 nafari ovoz bergan. Ayrim muxolif guruhlar uni harbiy bilimi yo'qligi uchun tanqid qilmoqda. Shunga qaramay, deydi Ozod Suriya armiyasi qo'mondoni general Salim Idris, muxolifatning qurolli qanoti yangi bosh vazir vakolatlarini tan oladi.

Shu kungacha 100 dan ziyod mamlakat Suriya muxolifatini tan olgan.

Yangi bosh vazir BMT va boshqa xalqaro tashkilotlardan muvaqqat hukumatga joy berishni so'rab, Suriyaning xorijdagi elchixonalari isyonchilar nazoratiga olinishini aytgan. Hitto, shuningdek, Suriyaning G'arbda muzlatilgan hisob raqamlari va mulklarini muvaqqat hukumatga o'tkazishni so'ramoqda.

Isyonchilar G’arb davlatlaridan harbiy madad so’rar ekan, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Britaniya va Fransiya ularni qurollantirmoqchi bo’lsa, qarshiligimiz yo’q, degan.
Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari shu hafta Dublinda uchrashib, masalani muhokama qiladi. Ayrim a’zo mamlakatlar Suriyaga qurol jo’natilsa, mojaro yanada qonli tus olishidan xavotirda.

Bu o'rtada Suriya hukumati isyonchilarni Halab shahri yaqinidagi hujum paytida kimyoviy qurolni ishga solganlikda ayblamoqda. Xabarlarga ko’ra, Xon al-Asal rayonida 25 kishi o’lgan. Isyonchilar hukumat da’vosini inkor etgan holda Assad hukumatining o’zini kimyoviy hujumda ayblamoqda.

Suriya axborot vaziri Umron al-Zubiyning aytishicha, isyonchilarga yordam berayotgan Turkiya va Qatar ham talofatlarga mas’ul.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG