Suriyada vaziyat og'irlashar ekan, minglab odam vatanni tark etmoqda

  • Amerika Ovozi

Halabdagi manzara

Halabdagi manzara

BMT kuzatuvchilarining oxirgi qismi ham Suriyani tark etdi. Endilikda tashkilot Damashqda faqat siyosiy vakolatxonaga ega bo’ladi.



BMT va Arab Ligasining yangi maxsus elchisi, jazoirlik keksa diplomat Laxdar Brahimiy Suriya rahbari Bashar al-Assad va isyonchi kuchlar orasida vositachilik qila oladimi?

Mamlakatda vaziyat yanada og’irlashar ekan, bunga ishonch past.

Juma namozidan keyin yuzlab odamlar hukumatga qarshi namoyishga chiqqan. Inson huquqlari tashkilotlari hisobicha harbiylar o’qidan 140 odam o’lgan.

Ko’pi qurollanmagan, tinch fuqarolar, deydi faollar. Hukumat esa ularni chet eldan yordam olayotgan terroristlar deb ta’riflaydi.

BMT qochqinlar idorasining ogohlantirishicha, Livanda jon saqlayotgan suriyaliklar hayoti tahdid ostida.

Tripoli shahrida mahalliy guruhlar orasidagi nizolar sabab muhojirlarni ro’yxatga olish, ularni zarur anjom va mahsulotlar bilan ta’minlash qiyinlashgan.

BMT rasmiysi Adrian Edvards deydiki, qochqinlar bu yerda ham qo’rqinchda yashamoqda. Minglab insonlar yordamga muhtoj, ammo Livan notinch ekan, xodimlar o’z ishini astoydil bajara olmayapti, deydi Edvards.

Iordaniya, Turkiya va Iroqda ham suriyalik qochqinlar ko’plab muammolar bilan yuzlashmoqda. Ularning soni esa daqiqa sayin o’sib bormoqda.

Turkiyada qariyb 75 ming, Iordaniyada 59 ming, Livanda 36, Iroqda esa 15 ming suriyalik ro’yxatga olingan. Yordam kutayotganlar soni yana o’nlab mingda, deydi BMT xodimlari.

Suriyadagi qurolli olishuvlar qo’shni Livanga o’tgan. Kecha Livaning Tripoli shahrida sunniylar va shia oqim sanalmish alaviylar orasida otishma kuzatilgan.

Manzara Suriyani eslatadi, deydi rasmiylar. U yerda alaviy prezident Bashar al-Assadga qarshi kurashayotganlarning aksariyati sunniylar.

Qo’shma Shtatlar vaziyatni xavotir bilan kuzatmoqda, deydi Davlat departamenti matbuot kotibasi Viktoriya Nuland, Amerika Livan hukumati bilan yaqin aloqada.

“Biz Livan qurolli kuchlari tartibni tiklab, tinchlik ta’minlay oladi degan umiddamiz”,- deydi rasmiy.

Livanda ko’plab sunniylar qo’shni Suriyadan nafratlanishini aytadi. 30 yil davomida ular Suriya nazorati ostida yashagan. Bu davlat qo’shinlari Livanni 2005-yilda tark etgan.

Shundan beri hududda Hizbulloh jangari guruhining faoliyati kengaydi. Hizbulloh Eron va Suriya madadi bilan ishlaydigan harakat.

Chegaraning har ikki tomoni beqaror ekan, deydi amerikalik olim Malu Innosent, Eron vaziyatdan foydanalanib, Hizbullohga ko’makni oshiradi. Bu guruh hudud nazoratini qo’lga olishi mumkin.

“Bashar al-Assad Eron va Hizbullloh orasidagi ko’prik. U ketsa, Tehron uchun imkoniyatlar kamayadi. Shu bois ular hozir juda sergak”,- deydi Innosent.

Bayrutdan tahlilchi Pol Salim esa Suriya bilan chegaradosh joylardagi notinchlik Livanning boshqa qismlariga tarqalmaydi degan fikrda. Aholi mazhablararo mojarolardan to’ygan, deydi u.

Livan Bosh vaziri Najib Mikatiy ulamolar va qonunchilar bilan maslahatlashib, Tripolida nazoratni kuchaytirishga urinmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG