Erdog'an Dovuto'g'lini Turkiya bosh vazirligiga tavsiya etdi

  • Amerika Ovozi

Turkiya prezidenti etib saylangan Toyib Erdog'an (chapda) Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto'g'li bilan

Turkiya prezidenti etib saylangan Toyib Erdog'an (chapda) Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto'g'li bilan

Turkiya bosh vazirligiga Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto’g’li tavsiya qilindi. U prezidentlikka o’tayotgan Rajab Toyib Erdog’an o’rnini egallaydi. Yangi bosh vazirni oldinda nimalar kutyapti?

Prezident etib saylangan Erdog’an “Adolat va taraqqiyot” partiyasi yig’inida bosh vazirlikka Dovuto’g’li o’tirishini ma’lum qilganda, tarafdorlari yangilikni olqish bilan kutib oldi.

“Milliyat” gazetasi siyosiy tahlilchisi Asli Oydintoshbosh yangi bosh vazir oldidagi eng muhim vazifalardan biri qo’shnilar va ittifoqchilar bilan aloqalarni yaxsilash, deydi.

“Turkiyaning Sharq va G’arb bilan aloqalariga jiddiy shikast yetgan. Yevropa Ittifoqi bilan ham aloqalar to’xtab qoldi. Ayrim qo’shni davlatlarda elchilarimiz yo’q. Bag’dod bilan ham munosabatlar yomon. Misrda Sissiy hukumati bilan so’z jangi ketyapti, hech qanday elchi yo’q. Isroil bilan ham shunday. Dovuto’g’li gapirganda, Erdog’andek keskin tanqid qilmaydi. Shuning uchun u Anqaraning qiyofasini yaxshilashi kutilyapti”, - deydi tahlilchi.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, yangi hukumatda Dovuto’g’lining imkoniyati cheklangan bo’ladi. Erdog’an prezidentlikni boshlash arafasida ekan, u avvalgi rahbarlardan farqli, faol siyosat olib borishini ma’lum qilgan.

“Toyib Erdog’an prezident bo’lishi bilan ijro hokimiyatini boshqarishini ma’lum qilgan. U hukumat va partiya ichida ko’plab narsalarni idora qiladi”, - deydi Oydintoshbosh.

Dovuto’g’li hukumatidagi eng muhim vazirliklarga ham Erdog’anning o’zi odam tanlashi taxmin qilinadi. Masalan, tashqi ishlar vaziri etib amaldagi razvedka idorasi rahbari Hoqon Fidanning tayinlanishi kutilyapti. Fidan Erdog’anning yaqin maslakdoshi va hukumat sirlarining qo’riqchisi hisoblanadi.

Qodir Xosh universitetining xalqaro munosabatlar bo’yicha tadqiqotchisi Soli O’zelga ko’ra, Dovuto’g’lining ta’sir kuchi katta emas.

“U partiya ichida nomi tez-tez tilga olinadigan odamlardan biri, ammo kuchli qo’llab-quvvatlovga ega emas”, - deydi u.

O’tgan hafta Dovuto’g’li sharqiy Qora dengiz hududiga safar qildi. Bu yer partiyaning sodiq tarafdorlari ko’pligi bilan ma’lum. Dovuto’g’li ham partiya, ham mamlakatda obro’sini yaxshlashga harakat qilishi kutilyapti. Keyingi yil bo’ladigan parlament saylovlari arafasida bu muhim masala.

Konstitutsiyaga tuzatish kiritish uchun parlamentning uchdan ikki qismi yakdil ovoz berishi kerak. Dovuto’g’li Turkiyani prezidentlik tizimiga aylantirish bo’yicha Erdog’an amalga oshirishni istayotgan islohotni qo’llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.

Dovuto’g’lining Erdog’anga sadoqati bosh vazirlikka tayinlanishida asosiy omil bo’lsa ham, ayrimlar bu sadoqatning kelajagini shubha ostiga oladi.

Janubiy Turkiyaning qashshoq tog’li hududida ulg’aygan Dovuto’g’li barcha yutuqlariga o’z kuchi va mehnati bilan erishgani aytiladi. Tahlilchi O’zelga ko’ra, Dovuto’g’lining yangi prezident uchun sodiq yordamchi vazifasini bajarishi uzoqqa cho’zilmasligi mumkin.

“Erdog’an partiyani vositachilari orqali boshqaradi. Dovuto’g’li mustaqil, o’z qarashlariga ega shaxs ekanini hisobga oladigan bo’lsak, uning soyada ishgashga qancha vaqt toqat qilishini aniqlash eng muhim savol”, - deydi u.

Kuzatuvchilar Dovuto’g’li qarashlarining hukmron partiya ideologiyasi bilan uyg’un ekanini aytadi. Siyosiy islomga yo’g’rilgan bu yondashuvda u Erdog’an bilan hammaslak. Har ikkisi “yangi Turkiya”ni bunyod etish niyatida. Ammo bu yangi Turkiyaning qanday bo’lishi mavhum. Erdog’an esa yangi bosh vazirning shu maqsadga erishish yo’lida ishlashini ta’kidlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG