Ukraina hukumati: Rossiyaga bir qarich ham yer bermaymiz

  • Amerika Ovozi

Ukraina muvaqqat bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk

Ukraina muvaqqat bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk

Ukraina muvaqqat rahbarlari bir qarich yerni ham Rossiyaga bermaymiz, demoqda. Mamlakatning turli chekkalarida namoyishlar o’tkazilyapti. Ayrimlarida odamlar Rossiyaga xayrixohlik bildirsa, boshqalarida Ukraina yaxlitligini himoya qilmoqda.

Muvaqqat bosh vazir Arseniy Yatsenyuk Kiyevda ukrain shoiri Taras Shevchenko tavalludining 200 yilligi munosabati bilan o’tgan tadbirda so’zladi.

"Otalarimiz va bobolarimiz bu yurt uchun qon to’kdi. Bir qarichiniyam bermaymiz", - dedi u.

Qrimning Simferopol va Sevastopol shaharlarida, sharqdagi Donetsk va boshqa joylarda ham Shevchenko xotirlandi.

Yatsenyuk kelasi hafta AQShga borib, Obama ma’muriyati bilan Qrim masalasida maslahatlashmoqchi.

Qo’shma Shtatlar Rossiyadan Qrimni o’z holiga qo’yishni so’ramoqda. Agar Moskva yarimorolni o’ziga qo’shib olsa, oqibati yaxshi bo’lmaydi, deydi Oq uy vakillari.

Bugun Qrim xavfsizligini o’z qo’liga olgan qurolli kuchlar hududdagi chegara postini egallagan. Garnizonda 30 nafar ukrainalik chegarachi qolgan. Rasmiy Kiyev qurolli to’da rossiyalik harbiylar desa, Moskva bu da’volarni inkor etmoqda. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, ular xususiy xavfsizlik firmalari xodimlari bo’lishi mumkin.

Ukraina Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Oleg Slobodyanning aytishicha, rus askarlari Qrimda 11 chegara postini nazorat qilmoqda.

Yarimorolda hozir aksariyat ukrain televizion kanallari o’chirilib, ularning o’rnida Rossiya kanallari efirga chiqmoqda. Xorijiy kuzatuvchilar Qrimga kirishga harakat qilmoqda, biroq ular chegaradan qaytarilmoqda. Kuzatuvchilarga “Qrim hukumatining taklifini kuting” deyishmoqda.

Ukraina muvaqqat prezidenti Oleksandr Turchinov Qrimda 16-martga rejalangan referendumni bekor qilishga farmon chiqardi, biroq yarimorol rahbarlari Kiyev buyruqlariga bo’ysunmaymiz, demoqda.

Rossiya qonunchilari agar Qrim aholisi referendumda Rossiyaga qo’shilishni istasa, ularning xohishini qo’llab-quvvatlashini bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG